4-8 iyun kunlari poytaxtimiz Toshkent qo`l jangi bo`yicha kattalar o`rtasida Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Ushbu nufuzli musobaqa “Iftixor” ko`chasida joylashgan “O`zbekiston” sport majmuasida tashkil etiladi. Bu haqda Turizm va sport vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Turizm va sport vazirligi ko`magida O`zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo`l jangi federasiyasi hamda “Milliy gvardiya” hamkorligida o`tkazilayotgan ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 40ta mamlakatidan 300 nafarga yaqin sportchi g`oliblik uchun kurash olib boradi.
Jahon chempionatida Vatanimiz sharafini 34 nafar sportchi himoya qilishga bel bog`lagan. Ular safida Jahon chempionlari Jahongir Jumaev va Olim Normurodov singari taniqli sportchilarimiz ham bor.
Bellashuvlarning adolatli va shaffof o`tishini ta`minlash maqsadida 50 nafardan ziyod xalqaro toifadagi hakamlar, shuningdek 30 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchilar ham Toshkentga taklif qilingan.
Toshkentdagi musobaqalarda Rossiya, Belarus, Ukraina, Moldova, Turkiya, Qozog`iston, Eron, Ozarbayjon, Armaniston, Latviya, Mo`g`uliston, Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya, Vengriya, Angliya, Fransiya, AQSh, Kanada, Meksika, Argentina, Braziliya, Marokash kabi 4 qit`a sportchilari o`z omadlarini sinab ko`rishadi.
Eslatib o`tamiz, 2019 yili Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida tashkil etilgan 5-Jahon chempionatida o`zbekistonlik sportchilar umumjamoa hisobida mezbonlardan keyin faxrli 2-o`rinni qo`lga kiritishgan edi.







