Kinematografiya agentligi 9 may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan 10ga yaqin yangi filmlarning milliy televizion premerasini taqdim etadi.
Namoyishi kutilayotgan filmlar ro`yxatida jumladan,Kinematografiya agentligi va Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida rejissyor Shuhrat Mahmudov tomonidan suratga olingan "Matonat" hujjatli filmi, rejissyor Ali Hamroev rahbarligi ostida 4 nafar yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan “Unutilmas qahramonlar” turkum 8 ta hujjatli filmlar, shuningdek, chet el kinofondlaridan qaytarilgan 16 ta o`zbek durdona asarlari o`rin olgan. "Unutilmas qahramonlar" turkumidagi filmlarda Zebo G`anieva, Qudrat Suyunov, Inoyat Navro`zboev, Mamadali Topvoldiev kabi o`zbekistonlik urush qahramonlari haqida hikoya qilinadi.
Kuni kecha katta premerasi o`tkazilgan rejissyor Hilol Nasimovning "Meros" badiiy filmi ham yurtimiz kinoteatrlarida namoyish etilishi belgilangan. Filmda urush oqibatlari qozoq va o`zbek yoshlari o`rtasidagi muhabbat orqali yoritib berilgan.
Bundan tashqari, O`zbekiston madaniy merosini o`rganish va saqlash Butunjahon jamiyati bilan hamkorlikda chet el kinofondlaridan raqamlashtirilib, yurtimizga qaytarilgan “Sen etim emassan”, “Jarroh”, “General Rahimov”, “1941 yil olmalari”, “Unutilmagan qo`shiq” kabi 16 ta durdona asarlarning ayrimlari ilk bora to`liq va asl holatda televidenie orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Davlat rahbarining sohaga e`tibori sabab bugun tomoshabinlar uchun urush mavzusida qator filmlarni teleekranlar orqali namoyish etish yo`lga qo`yilmoqda. O`tgan yil G`alabaning 75 yilligi munosabati bilan telekanallarimizda “Ilhaq” filmining o`zbek tilidagi milliy televizion namoyishi o`tkazilgan edi. Joriy yil bayram munosabati bilan ushbu film rus tilida tomoshabinlar e`tiboriga havola qilinadi.
Eslatib o`tamiz, 3-7 may kunlari O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi tashabbusi bilan bir qator hamkor tashkilotlar ko`magida “Yangi O`zbekiston. Yangi nigoh” media-haftaligi o`tkazildi. Mediahaftalik doirasida 15 nafar yosh kinoijodkorlar grantlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, taniqli kinoijodkorlardan iborat "Kinokarvon" Samarqand, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog`iston Respublikasida ijodiy safarda bo`lib, uchrashuvlar tashkil etishdi.
Filmlarning televizion namoyishi bilan quyidagi ro`yxat orqali tanishishingiz mumkin: ANONS