Uch kun davomida Toshkentdagi “Yunusobod” sport majmuasi hamda “Bunyodkor” futbol akademiyasi sport zallari futzal ishqibozlari bilan gavjum bo`ldi. Bu erda mamlakat chempionatining 16-tur o`yinlari o`tkazilib, joriy yilgi mavsumga yakun yasaldi.
So`nggi kungi o`yinlarda butun mavsum davomida peshqadamlikni qo`ldan boy bermagan “Paxtakor” jamoasi Qarshining “Nasaf” klubi futzalchilari bilan kuch sinashdi. Ushbu o`yinda har qanday hisobda qozoniladigan g`alaba “Paxtakor”ni o`z tarixida ilk marotaba mamlakat chempioniga aylantirsa, durang yoki mag`lubiyat esa jamoa uchun qimmatga tushishi muqarrar edi.
Uchrashuvning birinchi bo`limida qarshiliklar chempionat peshqadamiga munosib raqobat taqdim etishdi va o`yinda hisob ochilmadi. Ammo, tanaffusda murabbiylaridan tegishli ko`rsatmalar olgan poytaxt jamoasi yakunda yirik – 5:1 hisobida g`alaba qozondi.
Shu tariqa mavsum yakunida 119 ochko to`plagan “Paxtakor” ilk bor bosh sovrinni qo`lga kiritdi. 118 ochko to`plagan AGMK kumush, 98 ochko jamg`argan “Huaxin-Jizzax” jamoasi esa bronza medallariga sazovor bo`ldi. Shuningdek, O`zbekiston professional futbol ligasi tomonidan turli nominasiyalar bo`yicha ham eng yaxshilar aniqlandi:
Eng yaxshi to`purar – Akbar Usmonov (“Paxtakor”, 64ta gol)
Mavsum kashfiyoti – Muhammadbobur Rahmonberdiev (“Stroitel-Zarafshon”)
Eng yaxshi murabbiy – Aleksandr Petrov (AGMK)
Eng yaxshi darvozabon – Rustam Umarov (AGMK)
Eng foydali o`yinchi – Anasxon Rahmatov (AGMK).















