Varshavada O`zbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligiga bag`ishlangan «Yangi O`zbekiston: biznes-faoliyat markazi, noyob madaniyat va jahon turizmi» nomli maxsus jurnal chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
80 sahifadan iborat mazkur nashr O`zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan «REA» nashriyoti va «Drukarnia Skleniarz» matbaa konsernining texnik ko`magida dunyo yuzini ko`rdi. Qayd etish joizki, 2016 yildan buyon har yili O`zbekiston haqidagi nashr chop etiladi.
Jurnalning kirish qismida Prezident Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 29 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan iqtibos keltirilgan, u 2021 yilga mo`ljallangan davlat harakat dasturi hisoblanadigan mazkur muhim hujjatning mazmun-mohiyatini ochib bergan.
Nashrning birinchi qismida 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi amalga oshirilishining mazmun-mohiyati haqidagi materiallar o`rin olgan. Nashrdagi 17 ta maxsus bo`lim iqtisodiyot, ta`lim, sog`liqni saqlash, energetika, bank, moliyaviy va ijtimoiy sohalar, pensiya ta`minoti, kambag`allikni qisqartirish, sayyohlikni rivojlantirish, byurokratik to`siqlarni bartaraf etish, inson huquq va erkinliklariga hurmat, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish singari eng muhim yo`nalishlarni qamrab olgan.
Ikkinchi qism «Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish» deb nomlangan. Unda davlatning siyosiy tizimi va ijtimoiy tuzilishi, qonun ustuvorligini ta`minlash sohasidagi eng muhim yutuqlar bayon etilgan. 12 bo`limdan iborat ushbu qismda taraqqiyotning muhim omili sifatida parlament nazorati, yangi O`zbekiston saylov qonunchiligidagi o`zgarishlar, O`zbekiston Prezidenti saylovi sanasini 2021 yil dekabrdan oktyabr oyiga ko`chirish sabablari, davlat ma`muriy tizimini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar yangi shakllarining afzalliklari, fuqarolarning huquq va manfaatlarini qo`llab-quvvatlash hamda himoya qilishda mahallaning o`rni, yoshlar siyosatining mohiyati haqidagi atroflicha ma`lumotlar o`z ifodasini topgan.
Amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama hamda jadal rivojlanishini ta`minlash, mamlakatni modernizasiyalash va hayotning barcha sohalarini liberallashtirish, kambag`allikni qisqartirish va mamlakatda pandemiya oqibatlarini bartaraf etish bo`yicha ustuvor yo`nalishlarni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida O`zbekiston erishayotgan yutuqlar ham o`quvchilar e`tiboriga havola qilingan.
Qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish bo`yicha islohotlar keng yoritilgan uchinchi qismda esa davlatimiz rahbarining BMT Inson huquqlari Kengashining 46-sessiyasidagi nutqi chop etilgan. Shuningdek, ushbu bo`limda O`zbekistonning inson huquqlari sohasidagi yangi tashabbuslari ham o`z aksini topgani barobarida O`zbekistonning BMT bilan hamkorligidagi yangi yo`nalishlar, davlat rahbari tomonidan 2020 yil 23 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 75 yillik yubiley sessiyasida bildirgan global tashabbuslarning mazmun-mohiyati ham ochib berilgan.
Jurnalda korrupsiya va boshqa salbiy hodisalarga qarshi kurash masalalariga alohida o`rin ajratilgan. Bu mavzudagi materiallarda yangi O`zbekistonning eng muhim mohiyati va qonunlarning etakchi kuchi davlat va jamiyat taraqqiyoti va farovonligining kaliti ekanligi alohida ta`kidlangan.
«Iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish» nomli to`rtinchi bo`limda O`zbekistonning iqtisodiy, investisiyaviy, ilmiy va innovasion, transport-kommunikasiya, energetika, bank-moliya, agrosanoat salohiyati batafsil tahlil etilgan. Unda yangi O`zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dinamikasidagi asosiy o`zgarishlar, iqtisodiyotda davlat ishtirokini cheklash va xususiy sektor, bank islohotlari, yangi transport va logistika strategiyasi roli va uning ahamiyatini oshirish muhimligi, xalqaro transport yo`laklari qurilishida O`zbekiston ishtiroki, shu jumladan, Markaziy Osiyoda tranzit imkoniyatlardan foydalanish va boshqa muhim mavzular qamrab olingan.
Jurnalning beshinchi bo`limida ijtimoiy sohani rivojlantirish va «Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini muhofaza qilish yili» davlat dasturini amalga oshirish, uzluksiz ta`lim, bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta`minlash va xotin-qizlar huquqlarini mustahkamlash singari muhim mavzular yoritilgan. Xususan, koronavirus pandemiyasi davrida sog`liqni saqlash va sportni rivojlantirish, aholini, jamiyatning zaif qatlamlarini, qariyalarni har tomonlama ijtimoiy himoya qilishni ta`minlash chora-tadbirlari to`la bayon etilgan.
Oltinchi bo`limda xavfsizlik, diniy bag`rikenglik va millatlararo totuvlik, O`zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo`nalishlari, BMT, Evropa Ittifoqi, MDH va ShHT bilan hamkorlik, JST va EOII bilan hamkorlik istiqbollariga alohida o`rin berilgan bo`lib, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilgani alohida ta`kidlanadi.
Maxsus bo`limlar O`zbekiston tashqi siyosatining yangi modeli, O`zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta`minlash va Afg`oniston muammosini hal etish borasidagi strategik yondashuvlari, mamlakatning Afg`oniston iqtisodiyotini qayta qurish, transport, logistika va energetika tizimlarini rivojlantirishga qo`shgan hissasiga bag`ishlangan.
Jurnalda O`zbekiston-Polsha hamkorligining siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda rivojlanishi, shuningdek, ikki mamlakat o`rtasidagi munosabatlar tarixiga alohida e`tibor qaratilgan.
VII bo`lim O`zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, mamlakatda turizm infratuzilmasini takomillashtirish, asosiy sayyohlik yo`nalishlari va turlari haqidagi maqolalardan iborat. Ularda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qarshi, Qo`qon va boshqa shaharlardagi qator sayyohlik maskanlari, shuningdek, ichki va xalqaro turizm infratuzilmasi haqidagi ma`lumot batafsil yoritilgan. O`zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan sayyohlar qaerlarga borishi, nimalarni bilishi zarurligi bo`yicha ma`lumotlar ham taqdim etilgan.
Nashrda, shuningdek, o`zbek oshxonasining turli taomlari haqidagi ma`lumotlar va ularni tayyorlash yo`riqnomalari ham jurnalxonlarning e`tiboriga havola qilingan.
Jurnal 2 ming adadda chop etildi. Nashr siyosat, jamoatchilik, akademik, biznes, jurnalistika doiralari hamda Polshadagi 400 dan ortiq sayyohlik kompaniyalari o`rtasida tarqatildi.