Buyuk Britaniya Lordlar palatasi a`zosi Lord Sheyxning rafiqasi Guli Xonim Sheyx Toshkent viloyatida bo`lib, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, bandligini ta`minlash va ularning oiladagi mavqeini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Dastlab Nurafshon shahrida tashkil etilgan uchrashuvda Guli Xonim Sheyx Toshkent viloyati Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig`ining birinchi o`rinbosari Ozoda Parpiboeva, huquqni muhofaza qiluvchi organlari mutaxassislari bilan hududda amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha suhbatlashdi.

Bugungi kunda viloyat aholisining 1,5 million nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi. Shuni hisobga olib, har bir tuman va shaharda xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash, tadbirkorlik markazi tashkil etilgan.
U erda ayollarning ta`lim va kasbiy ko`nikmalar olishi hamda bandligini ta`minlashga har tomonlama ko`maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo`llab-quvvatlanmoqda. Biroq ayrim hollarda ayollarning huquqiy bilimlari etishmasligi tufayli ular o`rtasida huquqbuzarliklarni sodir bo`lishiga olib kelmoqda.
Shuni e`tiborga olib, huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan joylarda targ`ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.
O`z navbatida britaniyalik mehmon xotin-qizlarning ayollarni ijtimoiy va psixologik qo`llab-quvvatlash, ularning sog`lom turmush tarziga bo`lgan motivasiyasini oshirish bo`yicha tajribalari haqida ma`lumot berdi.
Shundan so`ng nufuzli mehmon ishtirokida O`rta Chirchiq tumani Davlat xizmatlari markazida hududdagi tadbirkor va hunarmand ayollar uchun seminar-trening o`tkazildi.
Shuningdek, tuman hokimligi va uning atrofidagi aholiga xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlarda xodimlar, aholi uchun yaratilgan sharoitlar o`rganildi.
Guli Xonim Sheyx Piskent tumanidagi 79-sonli maktab internatida o`quvchilar tomonidan tayyorlangan qo`l mehnati bilan tayyorlangan buyumlar ko`rgazmasi bilan tanishdi. Bolalar bilan suhbatlashdi, ularga o`quv qurollaridan iborat sovg`alar topshirdi. Ohangaron shahriga tashrif davomida shahrimizdagi 7-sonli maxsus maktab internat faoliyati bilan tanishdi.
"O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi Elchisi Said Rustamov janoblariga o‘z tashakkurimni bildirmoqchiman. Tashkiliy ishlarda yo‘l ko‘rsatib, o‘z yordamlarini ayamaganliklari uchun minnatdorman va ularning tavsiyalari asosida 7- maktabga nogironlar aravachasi xayriya qilindi", - deydi Guli Xonim Sheyx.









