Vazirlar Mahkamasining 30 apreldagi qaroriga muvofiq, «Paxtakor» va «Bunyodkor» futbol klublarining barcha ulushlari Toshkent shahar hokimligiga o`tkazildi. Yana 11ta futbol klubi davlat organlari va xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga o`tkazildi.
Vazirlar Mahkamasining «Futbol klublari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko`ra, «Paxtakor» va «Bunyodkor» futbol klublarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari Toshkent shahar hokimligiga, yana 11ta klubning ulushi davlat organlari va xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga o`tkazib berildi.

Qarorga muvofiq, «Paxtakor» va «Bunyodkor» futbol klublarining ustav kapitalidagi davlat ulushi Toshkent shahar hokimligiga o`tkazildi.
Bundan tashqari, «Nasaf», OKMK, «Buxoro», «Neftchi», «Lokomotiv», «Sho`rtan», «Dinamo», «Metallurg», «Mash`al», «Navbahor» va «Surxon» professional futbol klublarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari davlat organlari va xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga o`tkazildi.
Shuningdek, qarorda davlat organlari va xo`jalik yurituvchi sub`ektlar 13ta futbol klubining bosh homiylari sifatida nazarda tutilgan.
Avvalroq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020 yilda eng ko`p zarar ko`rgan davlat ishtirokidagi korxonalar ro`yxatiga «Paxtakor» futbol klubini ham qo`shgan edi. Klub 2020 yilda 82,7 milliard so`m zarar ko`rgani ta`kidlangandi.
Klub esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma`lumotiga e`tiroz bildirib, klub davlat byudjetidan mablag` olmasligini, balki uning byudjeti to`lig`icha « SFI Management Group» MChJ tomonidan shakllantirib kelinganini ma`lum qilgandi. Shu bilan birga, klub bayonotida Davaktiv agentligini to`g`ri va xolis axborot tarqatishga chaqirgandi.






