Pittsburg universiteti tibbiyot maktabi rektorining akademik va global ishlar bo`yicha o`rinbosari, doktor Margaret Makdonald boshchiligidagi delegasiya 17 may kuni O`zbekistonga keladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
O`zbekistonning AQShdagi elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, delegasiyaning 17-23 may kunlari bo`lib o`tadigan amaliy safari diplomatiya missiyasi va ta`lim muassasasi o`rtasida erishilgan kelishuvlar doirasida hamda Markaziy Osiyo universitetlari bilan «UniCEN» hamkorlik dasturiga binoan «Amerika kengashlari» grant ko`magida tashkil etilmoqda.
Elchi Javlon Vahobov tibbiy ta`lim sohasidagi etakchi ekspertlarning tashrif dasturini taniqli olimlar bilan muhokama qildi. Uchrashuvda ilmiy hamkorlikni oshirish, O`zbekiston tibbiyot oliy o`quv yurtlariga zamonaviy ta`lim dasturlarini ishlab chiqishda yordam berish, ta`lim sifatini oshirish, shuningdek, Pittsburg universiteti Tibbiyot maktabi va mamlakatimiz universitetlari o`rtasida hamkorlik shartnomalarini imzolash masalalari ko`rib chiqildi.
Amerika delegasiyasining respublikamizga safar dasturi voqealarga juda boy. Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Samarqand davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlik shartnomalarini imzolash rejalashtirilgan. Pitsburg universiteti Tibbiyot maktabi ushbu kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O`zbekiston hukumati va manfaatdor muassasalar bilan yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga zamonaviy yondashuvlarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyor. Mamlakatimiz universitetlari amerikalik hamkorlar bilan ta`lim dasturlarini takomillashtirish maqsadida quyidagi sohalarda aloqalarni yo`lga qo`yadi: qo`shma tadqiqotlar o`tkazish va ilmiy maqolalar nashr etish, tibbiy ta`lim, ilm-fan va boshqa sohalarda tajriba almashish, qo`shma ilmiy va amaliy tadbirlar o`tkazish, mahorat darslari, ma`ruzalar va seminarlar tashkil etish, ilmiy va o`quv loyihalarida birgalikda qatnashish, qo`shma o`quv kurslari va dasturlari, shu jumladan, onlayn-tadbirlar, talabalar va o`qituvchilar uchun stajirovkalar, malaka oshirish va boshqa tadbirlar uyushtirish.
Pittsburg universiteti Tibbiyot maktabi delegasiyasi Sog`liqni saqlash, Innovasion rivojlanish, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklarida, shuningdek, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali rahbariyati va boshqa muassasalarda uchrashuvlar o`tkazishni rejalashtirmoqda.
1787 yilda tashkil etilgan Pittsburg universiteti (University of Pittsburgh) Pensilvaniya shtati markazidagi davlat tadqiqot universiteti hisoblanadi. Ayni paytda oliy o`quv yurtida 35 ming talaba tahsil olmoqda. Uning tarkibida 17 kollej va maktab mavjud.
Pittsburg universiteti Tibbiyot maktabi «U.S. News & World Report» tahlillariga ko`ra, AQShdagi eng yaxshi tibbiyot maktablari qatoridan o`rin olgan. Ushbu tibbiyot maktabi ilmiy tadqiqot ishlari bo`yicha 13-o`rinda, tibbiy-sanitariya yordami ko`rsatish sohasida 14-o`rinda va Dunyo universitetlari akademik reytingida eng yaxshi tibbiyot maktablari ro`yxatida 17- o`rinda qayd etilgan.