AsosiySiyosat

O`zbekiston Dominika bilan diplomatik munosabat o`rnatdi

'O`zbekiston Dominika bilan diplomatik munosabat o`rnatdi'ning rasmi

Kecha, 14 may kuni Nyu-Yorkda O`zbekiston va Dominika Hamdo`stligi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatish to`g`risidagi qo`shma bayonot imzolandi.

Ikki davlat hukumatlari nomidan hujjat O`zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov va Dominikaning BMTdagi doimiy vakili, elchi Lorin Bannis-Roberts tomonidan imzolandi.

Dominika Hamdo`stligi Karib dengizining sharqida joylashgan orol davlatdir. Mamlakat maydoni 751 kvadrat kilometrdan iborat. Aholi soni  70 ming kishini tashkil etadi. Dominika BMT, Britaniya Millatlar Hamdo`stligi, Karib Hamjamiyati (CARICOM), Karib umumiy bozori  va Sharqiy Karib davlatlari tashkiloti a`zosi hisoblanadi.

Suhbat chog`ida Dominika elchisiga O`zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, so`nggi yillarda respublika hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli o`zgarishlar haqida so`zlab berildi. O`zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan, COVID-19 pandemiyasi davrida jahon hamjamiyatining iqtisodiy tiklanish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi sa`y-harakatlarini mustahkamlash, kambag`allikka qarshi kurashish, shuningdek, mintaqaviy rivojlanishni ta`minlashga qaratilgan muhim xalqaro tashabbuslarning mazmun-mohiyati ta`kidlandi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tuzilmasi doirasida birgalikdagi ishlarni rivojlantirishga bo`lgan qiziqishini tasdiqladi. O`zbekiston va Dominika Hamdo`stligi o`rtasidagi hamkorlikning o`zaro manfaatli yo`nalishlarini aniqlash bo`yicha ikki tomonlama aloqalarni muntazam davom ettirish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Dominika Hamdo`stligi O`zbekiston diplomatik aloqalar o`rnatgan 137-mamlakatga aylandi.

    Boshqa yangiliklar