AsosiySport

Ronaldu va Saloh EChLsiz qolishi mumkin, «Atletiko» 7 yil o`tib, shohsupaga qaytadimi? Kuchli beshlikning asosiy intrigalari

'Ronaldu va Saloh EChLsiz qolishi mumkin, «Atletiko» 7 yil o`tib, shohsupaga qaytadimi? Kuchli beshlikning asosiy intrigalari'ning rasmi

Evropada milliy chempionatlar poyoniga etib bormoqda, ammo aytish mumkinki deyarli barcha ligalarda juda ahamiyatli o`rinlar uchun kurash qizg`in pallaga kirgan. Ispaniya va Fransiyada esa hali chempion ham aniqlangani yo`q. Bu safargi anonsni sal boshqacha tayyorladik. Ya`ni e`tiborli jamoalarning o`yiniga emas, mavjud eng katta intrigalar haqida so`z yuritamiz.

ANGLIYa: Chempionlar Ligasi kimga nasib qiladi?

Premer-ligani tark etuvchi jamoalar ham, mamlakat chempioni ham rasman aniq bo`lib ulgurgan. Asosiy masala, Chempionlar ligasiga yo`llanma beruvchi qolgan ikki o`rin uchun da`vogarlik qilayotgan 4 klubdir. «Liverpul» «Old Trafford»dagi g`alabadan so`ng, o`z pozisiyasini juda yaxshi ko`rinishga keltirib oldi va bunga albatta, «Chelsi»ning London derbisidagi mag`lubiyati ham yordam berib yubordi. Endi Klopp shogirdlari qolgan uch o`yinni g`alaba bilan yakunlashsa, boshqa o`yinlar natijasidan qat`i nazar, deyarli kuchli to`rtlikdan o`rin olishadi.  

Hozirda «Lester»da 66, «Chelsi»da 64 ochko mavjud bo`lib, bu ikki jamoada 2tadan o`yin qolgan. «Liverpul» hisobida 60 ochko bor, lekin bir o`yin zaxirasi ham bor. Demak, «Liverpul» o`z o`yinlarini  («Vest Bromvich», «Byornli», «Kristal Pelas») yutadigan bo`lsa, yakunda 69 ochkoga ega bo`ladi. Bu dovoni «Lester» va «Chelsi» oshib o`tishi mumkin, lekin birgalikda emas, zero ushbu jamoalarning o`zaro o`yini ham bor.  

«Chelsi» «Lester»ga yutqazadigan bo`lsa, so`nggi turda yutsa ham, maksimal 67 ochkoda qolib ketadi va «Liverpul» bemalol quvib o`tadi. «Chelsi» va «Lester» durang o`ynaydigan bo`lsa, londonliklar yakunda maksimal 68 ochkoga ega bo`ladilar, bu ham «Liverpul» uchun ayni muddao. Birgina variant, «Chelsi»ning «Lester» ustidan g`alaba qozonishi qolyapti. U holda «Chelsi» so`nggi turda ham g`alaba qozonib, ochkolari sonini 70 taga etkazadi va «Liverpul» uchun etib bo`lmas chegarada chiqib oladi. 

U holda «Lester» so`nggi tur oldidan «Liverpul» bilan bir xil – 66 ochkoga ega bo`lib qoladi. APLda to`plar nisbatiga e`tibor berilishini inobatga olsak, hozirda lesterliklarda +21, «Liverpul»da esa, +20. Bizning variantimizda, «Liverpul» ikki o`yinni yutgan, «Lester» esa «Chelsi»ga yutqazgan holatda to`plar nisbati u paytga kelib, «Liverpul»da ancha yaxshiroq bo`lishi va to`rtinchi o`ringa ko`tarilib olishi aniq. Bu holatda «Lester» to`rtlikka qaytishi uchun so`nggi turda «Tottenhem» ustidan o`ta yirik hisobda g`alaba qozonishiga to`g`ri keladiki, bunga ishonish qiyin.  

Demak, Angliyada EChL yo`llanmasi «Chelsi» – «Lester» o`rtasidagi o`yinda hal qilinadi. Bu o`yin kelasi hafta, seshanba oqshomiga belgilangan. Dam olish kunlari esa «Liverpul»ning «Vest Bromvich» safariga e`tibor qaratib turamiz. Kim biladi, APLdan tushib ketgan bo`lsa-da, mavsumda «Manchester Siti», «Chelsi», «Manchester Yunayted» va hatto «Enfild»da ham ochko olishga muvaffaq bo`lgan «Vest Bromvich» Kloppga etarli qarshilik ko`rsatib, vaziyatni umuman boshqa tarafga burib yuborar? 

Darvoqe, «Chelsi» – «Lester» o`yinining kelasi haftaga qoldirilishi sababi - «Chelsi» – «Lester» o`yinidir. Aynan shu raqiblar bugun Angliya kubogi finalida maydonga tushadilar. «Chelsi» 9-bor bu sovrinni qo`lga kiritib, bu borada toza uchinchi o`ringa ko`tarib olish imkoniyatiga ega bo`lsa, «Lester» o`z tarixida ilk bor Angliya kubogi egasiga aylanishi mumkin. Lesterliklar bungacha to`rt bor finalda mag`lubiyatga uchragandilar.  

Angliya kubogi. Final

15 may (shanba)

21:15. Chelsi – Lester  

APL. 36-tur. 16 may (yakshanba)

20:30. Vest Bromvich – Liverpul

APL. 37-tur. 18 may (seshanba)

00:15. Chelsi – Lester 

ISPANIYa: «Atletiko» etti yil o`tib, yana shohsupaga qaytadimi?

Ispaniyada kuchli to`rtlik allaqachon shakllanib bo`lgan, ammo chempionlik kurashi oxirgi daqiqalargacha davom etishi shubhasiz. 37-tur bo`lgani uchun, Liga reglamentiga ko`ra, barcha o`yinlar bir vaqtda o`tkaziladi.  

«Atletiko» hisobida 80 ochko mavjud va qolgan ikki o`yindagi g`alaba Simeone shogirdlarini mamlakat chempioniga aylantiradi. Eng yaqin ta`qibchi – 78 ochkoli «Real» Bilbaoga borib, g`alaba qozonishi etmagandek, «Atletiko»ning ochko yo`qotishidan umid qilishi kerak. O`zaro o`yinlarda Zidan jamoasining ustunligi borligi uchun, «Atletiko» hatto bir o`yinni durang qilib qo`ysa ham, «Real»ni o`tkazib yuboradi.  

«Levante» bilan durang «Barselona»ning imkoniyatlarini deyarli yo`qqa chiqarib qo`ydi. Endi kataloniyaliklar o`z o`yinlarini yutish bilan birgalikda, «Real» qolgan ikki o`yinda kamida 3 ochko yo`qotishi, «Atletiko» esa ikki o`yindan atigi bir ochko olishi kerak bo`ladi. Bunga albatta, ishonish qiyin. «Sevilya» (74 ochko) o`zaro o`yinda «Atletiko»dan ustun bo`lmagani tufayli, chempionlik imkoniyatini rasman yo`qotgan. 

Bundan tashqari, La Ligada qo`yi jadvalda ham qizg`in kurash ketmoqda. «Alaves» (35 ochko), «Xetafe» (34), «Ueska» (33), «Valyadolid» (31), «Elche» (30) va «Eybar» (30) kabi jamoalar turnir jadvalida oxirgi o`rinlarni egallab turishibdi. Ushbu guruhdan uchtasi ligani tark etadi va har bir jamoada qutulib qolish imkoniyati saqlanib turibdi.  

Qizig`i, so`nggi turlarda bu jamoalar faqat sirtdan raqobat qiladilar, ya`ni birorta ham o`zaro o`yin yo`q. Ammo «Valyadolid»ning 38-turdagi «Atletiko»ga qarshi o`yini barchaning e`tiborida turishi aniq. Mezbonlar ligada qolish uchun ochko olishi kerak, «Atletiko» esa chempion bo`lishi uchun g`alaba qozonishi shart bo`lgan holat yuzaga kelish ehtimoli yuqori. 

La Liga. 37-tur. 16 may (yakshanba)

21:30. Atletiko – Osasuna

21:30. Barselona – Selta

21:30. Atletik – Real Madrid.

ITALIYa: Turin osmonida qora bulutlar

Italiyada Angliyaga o`xshash holat, chempion nomi aniq, ammo qolgan to`rt jamoa EChL yo`llanmasini beruvchi 3 o`rin uchun qizg`in kurash ostonasida turishibdi. «Atalanta» va «Milan»da 75 ochkodan to`plab, go`yo favoritdek turishibdi. «Napoli»da 73, «Yuventus»dan 72 ochko bor. Ammo so`nggi turda «Atalanta» va «Milan»ning o`zaro o`yin kutib turganini ham inobatga olsak, kartalar yanayam chalkashib ketadi.  

To`rtlikni ta`qib qilib kelayotgan «Yuventus»ning ahvoli ham misol uchun «Liverpul» kabi, o`ziga bog`liq emas. Birinchidan, yuqorida eslangan «Atalanta» – «Milan» o`yinida ikkala jamoani ham qoniqtiradigan durang qayd etilishi mumkin. Yoki «Milan» yutadigan bo`lsayam, «Atalanta»ning to`plar nisbati ancha yaxshi. Ikkinchidan, 37-turda «Yuventus»ga «Inter»ning o`zi qarshilik qiladi. Albatta, milanliklar allaqachon chempionlikni hal qilib, motivasiyani yo`qotgan bo`lishlari mumkin, lekin aynan «Yuventus»ni EChLdan mahrum qilib, «chempionlik tortini yasatishni» «Inter» istamaydi, deysizmi? Buning ustiga, bosimsiz jamoa yanada yaxshiroq o`ynashi mumkin. 

Jadvalning qo`yi qismida ham barchasi aniq emas. «Parma» va «Krotone» rasman ligani tark etishgan, lekin «Benevento»da qutilish uchun imkoniyat bor. Jamoa 31 ochkoga ega va 35 ochkoli «Torino» va «Spesiya»ni ta`qib qilmoqda. «Benevento»ning ikki g`alabasi va bu ikki jamoaning etarli ochkolarni qo`lga kirita olmasliklari vaziyatni o`zgartirib yuborishi mumkin.

Go`yoki, bu qiyin, ilojsizdek ko`rinadi, to`g`rimi? Yo`q. Gap shundaki,37-turda «Benevento» allaqachon ligani tark etgan «Krotone»ni qabul qiladi. «Spesiya» va «Torino» esa o`zaro o`yinda maydonga tushadi. Demak, bu o`yinda g`alaba qozongan jamoa ochkolari sonini 38taga etkazib, A Seriyada o`rnini saqlab qolsa, mag`lub «Benevento»ga «em bo`lishi» mumkin. Durang ham har ikki jamoani so`nggi tur oldilan xavf ostida qoldiradi.  

Zero so`nggi turda «Spesiya» ancha kuchli «Roma»ga qarshi o`ynasa, «Torino», diqqat qiling, aynan «Benevento»ni qabul qiladi. Demak, «Torino»ni so`nggi ikki turda ikki final kutib turibdi va bu o`yinlarda mag`lub bo`lsa, kelasi mavsumda Turin derbisini ko`rmaymiz.  

A Seriya. 37-tur. 15 may (shanba)

18:00. Jenoa – Atalanta

21:00. Yuventus – Inter

23:45. Roma – Lasio

16 may (yakshanba)

15:30. Fiorentina – Napoli

23:45. Milan – Kalyari

GERMANIYa: Dortmund qaytmoqda

«Ayntraxt»ning kutilmaganda, oxirgi 4 o`yinda 2 mag`lubiyat va bir durang qayd etishi go`yo imkonsiz tuyulgan ehtimolni haqiqatga aylantirdi – endi «Dortmund» kuchli to`rtlikda. «Borussiya»da 58, «Ayntraxt»da esa 57 ochko bor. So`nggi ikki turda dortmundliklar g`alaba qozonishsa, kamida 4-o`rinda qoladilar. 

Bu turda Terzich shogirdlari aynan «Ayntraxt»ga pand bergan «Mayns» mehmoni bo`ladilar. «Mayns»ning xavfliligi shundaki, jamoa 36 ochko bilan 12-o`rinni egallab turgan bo`lsa-da, o`zini butunlay xavfsiz his qilgani yo`q, zero 16-o`rindagi jamoadan 5 ochko oldinda bormoqdalar. Bundan tashqari, «Mayns» mana shu pozisiyaga kelish uchun deyarli qahramonlik ko`rsatdi, qatorasiga 8 o`yinda mag`lubiyat nimaligini bilmadi. Bu seriya ichida «Bavariya» ustidan qozonilgan g`alaba ham bor. Oxirgi tur esa «Borussiya» «Bayer» bilan o`ynaydi.  

Frankfurtliklar o`rtamiyona «Frayburg» va ligani allaqachon tark etgan «Shalke»ga qarshi maydonga tushadilar. Demak, to`rtlik uchun kurash tugagani yo`q va katta ehtimol bilan so`nggi turda ham davom etadi.  

Bundesligada jon saqlash uchun raqobatda yuqorida tilgan olingan «Mayns»dan tashqari, «Herta»da 34, «Ausburg»da 33, «Verder»da 31, «Arminiya»da 31, «Kyoln»da 29 ochko bor. Bugun bo`lib o`tadigan «Herta» – «Kyoln» o`yini alohida e`tiborga arziydi.

Bundesliga. 33-tur

15 may (shanba)

18:30. Shalke – Ayntraxt F

16 may (yakshanba)

21:00. Mayns – Borussiya D

23:30.Leypsig – Volfburg 

FRANSIYa: Pochettino yana chempion bo`la olmaydimi?

Oxirgi sakkiz yilda ikkinchi marta «PSJ» chempionlikdan quruq qolishi mumkin. Roppa rosa o`n yil oldin mamlakat chempioni bo`lgan «Lill» o`z tarixida to`rtinchi marotaba ushbu sovringa juda yaqin turibdi. «Lill» 36 o`yindan so`ng, 79 ochko jamg`argan va eng yaqin ta`qibchisi «PSJ»dan 3 ochko oldinda bormoqda. Demak, so`nggi ikki turda 4 ochko «Lill»ni Fransiya chempioniga aylantiradi. Kristof Galte esa haqli ravishda Evropaning eng yaxshi murabbiyi bo`lishga asosiy da`vogar bo`lishi shubhasiz. «Lill» nafaqat ochko to`plashda barqarorlik namoyish etdi, balki o`zaro o`yinlarda ham Parijdan ustunlik qildi, bu ham alohida tahsinga sazovor. 

Galte shogirdlari bu turda «Sent Eten»ni qabul qilishsa, oxirgi o`yinni «Anje» maydonida o`tkazadilar. Qizig`i, «Sent Eten» Fransiyada eng ko`p chempion bo`lgan klub sanaladi – 10 marta. «PSJ»da bunday sovrinlar soni to`qqizta bo`lib, ushbu mavsumda etakchilarga etib olish imkoniyatiga ega. Xo`sh, «Sent Eten» yana bir yilga umumiy peshqadamlikni saqlab turgisi keladimi yoki sport prinsiplari ustun kelib, «Lill»ni to`xtatib qolishga urinadimi, bu ham qiziq intriga. Fransiyada ochkolar teng bo`lib qolganda, to`plar nisbatiga qaralishini inobatga olsak, «Lill» mag`lubiyatga uchrashga haqqi yo`q. 

Fransiya chempionati. 37-tur

16 may (yakshanba)

23:59. PSJ – Reyms

23:59. Lill – Sent-Eten

23:59. Monako – Renn 

BONUS: Turkiya

Turkiya uchun bu yangilik emas, lekin bu safargi chempionlik poygasi yanayam o`zgacha bo`ldi va Ispaniyadan qolishmayapti. Turnir jadvalini yakka boshqarib kelgan «Beshiktosh» qatorasiga ikki o`yini boy berdi va natijada «Galasatasaray» ochkolar bo`yicha etib oldi. «Fenerbaxche» esa o`tgan turda mag`lubiyatga uchrab, 1-o`ringa chiqib olish imkoniyatini boy berib qo`ydi. Eng oxirgi tur oldidan «Beshiktosh» va «Galatasaray»da 81tadan, «Fenerbaxche»da esa 79 ochko mavjud. «Beshiktosh» va «Galatasaray» o`rtasida o`zaro o`yinlar teng (1:3, 2:0) bo`lgani uchun, ikkinchi navbatda to`plar nisbatiga qaraladi. Bu borada «Beshiktosh» +44, «Galatasaray»da esa +42. Demak, «Galatasaray» chempion bo`lishi uchun «Beshiktosh»ga nisbatan 3 to`p farqida g`alaba qozonishi yoki «Beshiktosh»ning ochko yo`qotishidan umid qilishi kerak bo`ladi. «Beshiktosh» safarda «Gyoztepe»ga qarshi to`p sursa, «Galatasaray» o`z maydonida «Malatyaspor»ni qabul qiladi.  

«Fenerbaxche»da ham chempion bo`lish uchun kichkina imkoniyat mavjud. Buning uchun «sariq-qoralar» g`alaba qozonishlari va ham «Beshiktosh», ham «Galatasaray»ning mag`lubiyatga uchrashidan umid qilishlariga to`g`ri keladi. Ulardan biri durang o`ynasa ham, imkoniyat qolmaydi, chunki o`zaro o`yinlarda «Fenerbaxche» har ikki raqibiga ham mag`lub bo`lgan.

Turkiya chempionati. 42-tur

15 may (shanba)

22:30. Galatasaray – Yeni Maltyaspor

22:30. Gyoztepe – Beshiktosh

22:30. Kayserispor – Fenebaxeche.

    Boshqa yangiliklar