Avval xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida tibbiyot sohasidagi islohotlarning Sog`liqni saqlash vazirligi, uning viloyat, tuman va shahar quyi bug`inlari hamda mahalliy ijro idoralari tomonidan qay darajada amalga oshirilayotgani muhokamasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tmoqda.
Yig`ilishda keltirilgan ma`lumotlar asosida “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning xabar qilishicha, bundan buyon tibbiyot tizimini 5 ta yo`nalishdagi jiddiy o`zgarishlar kutmoqda. Ularning:
1) birlamchi tibbiyot bo`g`inini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish;
2) ixtisoslashgan markazlar tomonidan joylarda tor doiradagi tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash;
3) raqamlashtirish orqali sohada qog`ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish;
4) tibbiyotning barcha yo`nalishlarida raqobatning rivojlanishi va xususiy sektor jadal kirib borishini har tomonlama qo`llab-quvvatlash;
5) tibbiyot xodimlarining bilimini oshirish, ta`lim va ilm-fanni rivojlantirish.
“Bu ishlarni vazir, vazir o`rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar tibbiyot rahbarlarining hammasi ham aniq tushunib, ishlayaptimi, degan savolga, afsuski, hozircha javob yo`q. Joylarda o`tkazilgan so`rovlarda, bor-yo`g`i 13 foiz aholi tibbiyotda ijobiy o`zgarishlarni sezayotganini bildirgan. Ayniqsa, Andijon, Xorazm va Toshkent viloyatlarida yashovchi aholi bu sohadagi ishlar ahvolidan norozi”, dedi Prezident.
Ma`lumot uchun:
So`nggi bir yil ichida tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq Farmon va qarorlar qabul qilinib, barcha masalalar hal qilib berilgan. Joriy yilda byudjetdan 21 trillion so`m ajratilgan (2017 yilga nisbatan 3 baravar ko`p).
Yig`ilish davom etmoqda.






