AsosiySport

Prezident sovg`asi: 10 yoshli shaxmatchiga eng zamonaviy shaxmat dasturlari jamlangan kompyuter topshirildi (foto)

'Prezident sovg`asi: 10 yoshli shaxmatchiga eng zamonaviy shaxmat dasturlari jamlangan kompyuter topshirildi (foto)'ning rasmi

Xabaringiz bor, shu yil 14 may kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurib, bu erda davolanayotgan bolalar bilan suhbatlashgan, ularning ota-onalariga dalda bergan edi. Tashrif doirasida bolajonlar Prezidentimiz bilan suhbatda o`z qiziqishlari bilan o`rtoqlashgan, ulardan biri, farg`onalik Saidjon Salimjonov shaxmatga qiziqishi haqida ma`lum qilgandi.

Saidjon Salimjonov ayni paytda Farg`ona shahridagi 28-sonli umumta`lim maktabining 3-«A» sinfi o`quvchisi sanaladi. U darslardan bo`sh vaqtida shaxmat bilan shug`ullanib turadi va kelajakda professional shaxmatchi bo`lishni orzu qiladi.

Saidjonning onasi Mahliyoxon Ziyoevaning aytishicha, o`g`li kichkinaligidan shaxmatga qiziqadi. U Farg`onada ochilgan Toshkent Xalqaro shaxmat akademiyasining filialida o`z yosh toifasida tahsil olib kelmoqda. Murabbiyi Ravil Vinerovich rahbarligida bir qator musobaqalarda qatnashib, shahar va viloyat bosqichlarida g`oliblikni ham qo`lga kiritdi. Hozirda S.Salimjonov Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanmoqda. Shifokorlar tomonidan unga jigar xavfli o`smasi tashhisi qo`yilgan.

Yodingizda bo`lsa, 15 may kuni Saidjonga yurtboshimiz nomlaridan professional shaxmat doskasi sovg`a qilingan, shuningdek shaxmat bo`yicha murabbiy ham biriktirilgandi. Bugun esa ushbu yurtdoshimizga Prezident sovg`asi – shaxmat bo`yicha eng so`nggi va zamonaviy dasturlar jamlangan kompyuter ham sovg`a qilindi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

“Endi sevimli mashg`ulotim shaxmat bilan yanada jiddiy shug`ullanib, Osiyo va Jahon chempionatlarida O`zbekiston bayrog`ini baland ko`tarishga harakat qilaman”, - dedi Saidjon o`z quvonchlarini biz bilan bo`lishar ekan.

Markazda davolanayotganlar orasida shaxmatga qiziqadigan bolalar ko`pchilikni tashkil qiladi. Shuni inobatga olgan holda Turizm va sport vazirligi nomidan vazir o`rinbosari Avazjon Karimov bu erda davolanayotgan boshqa bemorlarga ham shaxmat anjomlarini tarqatdi.

Umid qilamizki, bu yoshlar shaxmat bilan shug`ullanish orqali o`z aqliy zakovatini yanada o`stirib, tafakkurini boyitadi. Ehtimol ularning orasidan Osiyo va Jahon chempionlari etishib chiqmas, biroq ular teran fikrlaydigan va murakkab vaziyatlarda to`g`ri, oqilona qaror qabul qiladigan yigit-qiz bo`lib ulg`ayishi jamiyatimizning bosh maqsadidir.

 

    Boshqa yangiliklar