Avval xabar berganimizdek, bugun 25 may kuni O`zbekiston Milliy Paralimpiya qo`mitasining Bosh Assambleya yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Yig`ilish kun tartibiga qo`yilgan eng asosiy masalalardan biri - bu O`zbekiston Milliy Paralimpiya qo`mitasi raisi lavozimiga rahbar saylash edi.
Ushbu masalada O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov so`z olib, ushbu lavozimga shu kunga qadar O`zbekiston Milliy Paralimpiya assosiasiyasi raisi sifatida faoliyat olib borgan Muxtorxon Maqsudovich Tashxodjaev nomzodini ilgari surdi.
Rio-2016 Paralimpiya o`yinlari hamda Jakarta-2018 (Indoneziya) ParaOsiyo o`yinlarida yurtimiz paraatletlari tomonidan qo`lga kiritilgan muvaffaqiyatlar zamirida Muxtorxon Maqsudovichning xizmatlari beqiyos bo`lganligi alohida e`tirof etildi.
Bosh Assambleyaga taklif etilgan delegatlar bir ovozdan M.Tashxodjaev nomzodini O`zbekiston Milliy Paralimpiya ko`mitasi raisi etib sayladi.






