Bugun AOKAda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov, direktor o`rinbosari Umida To`xtasheva, boshqarma boshlig`i o`rinbosari Ulug`bek Daulanov ishtirokida o`tkazilgan matbuot anjumanida Byudjet mablag`larini noqonuniy sarflagan va talon-toroj qilgan mansabdor shaxslarga ko`rilgan jazolar haqida ma`lumot berildi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.
Korrupsiyaga qarshi “komplaens-nazorat” tizimi joriy etilishi orqali erishilgan natijalar:
- Davlat soliq huzuridagi Kadastr agentligi tizimdagi xodimlar attestasiyadan o`tkazilib, korrupsiyaga moyilligi bo`lgan 28% (1476 nafar) xodim bilan mehnat shartnomalari tugatilgan.
- Sog`liqni saqlash vazirligida 16 mlrd co`m moliyyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi. 22 mlrd so`m byudjet mablag`larining maqsadsiz sarflanishining oldi olindi.
- Xalq ta`limi tizimida byudjet mablag`larini noqonuniy sarflash yoki talon-toroj qilish, noqonuniy ish xaqlarini to`lanishi yuzasidan 214 nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo choralari qo`llanildi, 34 nafar mas`ul mansabdor egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, aniqlangan holatlar bo`yicha ko`rsatib o`tilgan vaqt ichida jami 78 mlrd so`m moliyaviy xato va kamchiliklar hamda noqonuniy o`zlashtirishlar aniqlanib, qonuniy chora ko`rish uchun xuquq-tartibot idoralariga yuborildi.
- “O`zkimyosanoat” AJda tovar moddiy boyliklarini sotib olish jarayonida “inson omili”ni cheklash va korrupsiyani oldini olish maqsadida to`g`ridan-to`g`ri sotib olish amaliyotiga chek quyilib, tizim korxonalari tomonidan 2020 yil davomida jami 53,4 mlrd. so`m xarajatlar iqtisod qilinilishiga erishildi.