AsosiySport

Zidan rasman "Real"ni tark etdi. Uning o`rnini egallashga bir nechta nomzodlar bor

'Zidan rasman "Real"ni tark etdi. Uning o`rnini egallashga bir nechta nomzodlar bor'ning rasmi

«Real» rasman Zinedin Zidan bosh murabbiylik lavozimini tark etgani haqida e`lon qildi.

«Uning qarorini hurmat qilish vaqti keldi. Ko`p yillar davomida o`zining professionalligi, sadoqati va ishtiyoqini namoyish etgani uchun unga minnatdorchiligimizni bildiramiz. Zidan — «Real»ning eng buyuk afsonalaridan biri hisoblanadi. Va bu faqat u bizning klubda murabbiy va futbolchi bo`lgani uchungina emas. U madridizm yuragida ekanligini hamda «Real» uning uyi va har doim shunday bo`lib qolishini biladi», — deyiladi klub bayonotida.

48 yoshda bo`lgan fransuz mutaxassisi «Real»dan ikkinchi marta ketmoqda. U birinchi marta 2018 yil mayida klub bosh murabbiyligidan iste`fo bergandi, o`shanda Zizu Chempionlar ligasida qatorasiga uch marta g`olib bo`lgach klubdan ketishga qaror qilgandi. U 284 kun o`tib yana qaymoqranglilar boshqaruviga qaytdi — 2019 yil 11 martida, Xulen Lopetegi va Santyago Solari kabi mutaxassislarning muvaffaqiyatsizligidan keyin. O`tgan mavsumda Zidan «Real» bilan Ispaniya chempionligini qo`lga kiritdi.

Fransuzning ketishi kutilmagan hol bo`lmadi. Zizu ketishni istayotgani may oyi o`rtalaridayoq ma`lum bo`lib ulgurgandi. Marca nashrining yozishicha, uning o`zi «Real» futbolchilariga bu qarori haqida EChL yarim finalida «Chelsi»ga qarshi javob uchrashuvidan keyin ma`lum qilgan. Uning shartnomasi muddati yakuniga qadar hali bir yil bor edi — shartnoma 2022 yil 30 iyuniga qadar tuzilgandi.

Zidan yana «Real»dan ketadi. Uning o`rniga kim keladi — Raul, Allegri yoki Lyov?

Sabablar
Marca nashri ma`lumotiga ko`ra, bu qadamni tashlash haqida Zidan bir necha oydan buyon o`ylab kelgan. Hal qiluvchi nuqta Ispaniya Kubogi doirasida uchinchi divizion vakili «Alkoyano»dan uchralgan mag`lubiyat bo`lgan. O`shanda Zizu koronavirusga chalingan, ishga qaytganida esa o`z ishiga va «Real» futbolchilari ishiga hurmat talab qilgandi. Klub rahbariyati tomonidan qo`llab-quvvatlov mavjudligiga qaramasdan, joriy mavsumda fransuz klub boshqaruvida o`zini etarlicha qulay his qilmadi. Jurnalistlar Zizu ruhan toliqqani haqida yozishdi.

Bundan tashqari, klubda global qayta qurish boshlanishi haqida gapira boshlashdi va Zidanning ketishi — uning bir qismi edi. Bu holatda jamoani ko`plab tajribali futbolchilar ham tark etishi ko`rinib turibdi. «Real»dagilar klubni o`tish davridan olib o`ta oladigan, Zizu kabi faxriy futbolchilar bilan qalin aloqalarga ega bo`lmagan murabbiy kerak deb hisoblashayotgandi .

O`rniga kim?
May oyi o`rtalarida, Zidan ketishi haqida xabarlar paydo bo`la boshlaganidayoq, uning o`rniga ikki nomzod tilga olindi —  bu «Real»ning yana bir afsonasi, yoshlar klubida ishlab kelayotgan Raul hamda Massimiliano Allegri.

So`nggi xabarlarga ko`ra, italiyalik mutaxassis «Yuventus»ga qaytadigan ko`rinadi. Payshanba kuni kunduzi, «Real» Zidan ketishi haqida rasman e`lon qilishiga yarim soat qolganida, Italiyadagi ikki taniqli insayder-jurnalistlar Janluka Di Marsio va Fabrisio Romano Allegri «Keksa sinora» bilan kelishuvga erishgani va Turinga qaytishi haqida xabar tarqatishdi. Buni o`z vaqtida Allegrining ketishiga sababchi bo`lgan «Yuventus» bosh direktori Fabio Paratichining iste`foga chiqishi ham tasdiqlardi.

AS nashri xabariga ko`ra, Madridda Antonio Konte varianti ham bor, u «Inter» bilan chempionlikdan uch hafta o`tib moliyaviy muammolar tufayli klubni tark etgan.

Yana bir asosiy nomzod — hamon Raul bo`lib turibdi. U Marca nashrining shu boradagi so`rovnomasida etakchi bo`lgan. Klubning yangi bosh murabbiyi kim bo`lishi kerakligi haqidagi so`rovnomada muxlislarining 58 foizi uni tanlashgan, Konte — 24 foiz, Allegri 20 foiz ovoz to`plagan.

Manba: Sports-Ekspress

    Boshqa yangiliklar