AsosiySport

Mo`ynoqda “Save Aral” xalqaro ekomarafonining yakunlovchi bosqichi bo`lib o`tdi

'Mo`ynoqda “Save Aral” xalqaro ekomarafonining yakunlovchi bosqichi bo`lib o`tdi'ning rasmi

Qoraqalpog`iston Respublikasi Mo`ynoq tumanida O`zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar kengashi, Milliy Olimpiya qo`mitasi hamda bir qator sport tashkilotlari hamkorligida «Yangi nafas» sport va ijtimoiy harakati doirasida «Save Aral», ya`ni «Orolni qutqaramiz» xayriya aksiyasi doirasida ommaviy yugurish marafonining final bosqichi bo`lib o`tdi.

Marafonga O`zbekistonning 20dan ortiq shaharlarida o`tkazilgan «Save Aral» ommaviy yugurish marafoni g`olib va sovrindorlari, havaskor yugurish ixlosmandlari, ushbu sport turiga qiziqadigan yosh atletlar hamda Mo`ynoq tumani aholisi ishtirok etdi.

«Book cafe» markazi yonidan start olgan musobaqa «Mo`ynok mayog`i» ostonasida yakunlandi. 

Uzoq va mashaqqatli yo`lni bosib o`tgan va finish chizig`iga birinchilardan bo`lib etib kelgan bir qator yoshlar tuman hokimligi va musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom va estalik sovg`alari bilan taqdirlandi. Taqdirlash marosimida musobaqaning eng kichik va eng katta yoshli ishtirokchilari ham esdan chiqarilmadi.

– Ushbu sport musobaqasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvarda imzolangan “O`zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmonida 2020 yildan boshlab sport sohasida “Save Aral” xalqaro ekomarafoni sport musobaqalarini tizimli o`tkazish orqali yurtimizda sport turizmini rivojlantirish bo`yicha belgilangan vazifasi ijrosini ta`minlash maqsadida tashkil etildi, – dedi Mo`ynoq tumani jismoniy tarbiya va sport bo`limi boshlig`i Ruslan Jusipov.

O`zbekistonning bir qator viloyat, shaharlari va Mo`ynoq tumanida bo`lib o`tgan “Save Aral” xalqaro ekomarafonining «tarix taxtasi»ga tuman hokimi E.Edanbaev ham estalik sifatida o`z imzosini muhrladi.

Musobaqa “Orol dengizi tarixi” muzeyi oldida madaniyat xodimlari ijrosidagi kuy-qo`shiqlar bilan davom etdi.

    Boshqa yangiliklar