Fransiya hukumati Nyu-Yorkka yangi Ozodlik haykali yuboradi. Sovg`a ikki mamlakat o`rtasidagi tarixiy aloqalarni ramziy bo`ladi, deb yozadi “Le Journal du Dimanche” gazetasiga tayanib, Lenta.ru.
Balandligi 2,83 metr bo`lgan yodgorlik 7 iyun kuni Fransiyadan yuboriladi. 4-iyulda nishonlanadigan AQSh mustaqilligi kunida haykal Nyu-Yorkka etib keladi. O`n kundan keyin yodgorlik doimiy joyiga - Vashingtondagi Fransiya elchixonasining bog`iga etkaziladi va u erda o`n yil turadi.
Sovg`a g`oyasi 2019 yil iyul oyida paydo bo`lgan, ammo koronavirus pandemiyasi tufayli uni amalga oshirish keyinga qoldirilgan edi. Fransiyaning AQShdagi elchisi Filipp Etenning so`zlariga ko`ra, yodgorlik "erkinlikni anglatadi". Shu tarzda, Fransiya rasmiylari o`zlarining mamlakatlar o`rtasidagi do`stlikka sodiq ekanliklarini namoyish qilmoqchi.
Fransiya 19-asrda AQShga birinchi Ozodlik haykalini sovg`a qildi, bu sana Jahon ko`rgazmasi va Amerika Mustaqillik Deklarasiyasining yuz yilligiga to`g`ri kelgan edi. Bu haykal mamlakatlar o`rtasidagi do`stona munosabatlarning ramziga aylandi. Bugungi kunda 93 metr balandlikdagi yodgorlik Manxettenga deyarli uch kilometr uzoqlikda joylashgan Yuqori Nyu-York portida joylashgan. Bu joy YuNESKOning Butunjahon merosi ro`yxatiga kiritilgan va Qo`shma Shtatlarning diqqatga sazovor joylaridan biri hisoblanadi.
Risolat MAXSIMOVA tayyorladi






