AsosiySport

Osiyo chempionatida o`zbekistonlik bokschilar 6 ta g`alabaga erishdi, bitta jangda hakamlar shubhali tarzda g`alabani raqib sportchisiga berib yuborishdi

'Osiyo chempionatida o`zbekistonlik bokschilar 6 ta g`alabaga erishdi, bitta jangda hakamlar shubhali tarzda g`alabani raqib sportchisiga berib yuborishdi'ning rasmi

Kecha, 31 may kuni BAAning Dubay shahrida boks bo`yicha kattalar o`rtasida o`tkazilgan Osiyo chempionati o`z poyoniga etdi, deya xabar berdi Turizs va sport vazirligi Axborot xizmati. 

Musobaqaning so`nggi kunida biryo`la 7 nafar bokschimiz qit`a chempionligi uchun jang qildi. Shundan 6tasida hamyurtlarimizning qo`li baland kelgan bo`lsa, bitta jangda hakamlar shubhali tarzda g`alabani raqib sportchisiga berib yuborishdi. Qisqasi, Osiyo boksida peshqadamlik uchun bugun ham o`zbek-qozoq qarama-qarshiligi davom etdi. Ayollardan farqli o`laroq, yigitlarimiz Osiyo boksida kim aslida kimligini ko`rsatib qo`yishdi.

Qit`a chempionatining final janglarini -49 kg vazn toifasidagi bokschilar boshlab berishdi. Unda hamyurtimiz Nodirjon Mirzahmedov qozog`istonlik raqibi ustidan 5:0 hisobida g`alaba qozondi va terma jamoamizga dastlabki oltin medalni taqdim etdi.

-52 kg vaznli bokschimiz Shahobiddin Zoirov esa finalda hindistonlik Amit bilan kuch sinashdi. O`z vaqtida hamyurtimiz Hasanboy Do`stmatovdan ustun kelgan hind bokschisi Zoirov qarshisida ojiz qoldi. Shu tariqa Shahobiddin o`zining Olimpiada va jahon chempionatidagi oltin medallari safiga Osiyo chempionatining bosh sovrinini ham qo`shib qo`ydi.

-56 kg vazn toifasida mahoratli bokschimiz Mirazizbek Mirzaxalilov Osiyo chempionati finalida mo`g`ulistonlik raqibga qarshi ringga ko`tarildi. Butun jang davomida Mirzaxalilov faollik ko`rsatgan bo`lsa-da, yakunda hakamlar ushbu jangda 2:3 hisobida mo`g`ul bokschisi g`olib chiqdi, degan qarorga kelishdi. Shunday qilib Mirazizbek terma jamoamizga erkaklar o`rtasida dastlabki kumush medalni taqdim etdi.

-69 kg vaznli bokschimiz Bobousmon Baturov hal qiluvchi bahsda qozog`istonlik raqibini birinchi raunddayoq mag`lub etdi. Bunga qozog`istonlik bokschining jarohat olgani sabab bo`ldi. Jang to`xtatilgunga qadar Bobousmon ochkolar hisobida oldinda borayotganligi bois g`alaba hamyurtimiz tomonida bo`ldi.

-75 kg vazn toifasida yosh va umidli bokschimiz Saidjamshid Jafarov finalda qozog`istonlik Abilxan Amankulga qarshi jang qildi va ishonchli tarzda g`alaba qozonib, termamiz hisobiga to`rtinchi oltinni qo`shib qo`ydi.

-81 kg vaznli bokschimiz Dilshodbek Ro`zmetov esa Osiyo chempionati finalida eronlik sportchiga qarshi ringga ko`tarildi va raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Nihoyat Osiyo chempionatini +91 kg vaznli bokschimiz Bahodir Jalolov hamda qozog`istonlik Kamshibek Konkabaev o`rtasidagi jang yakunlab berdi. Azaliy va ashadiy raqiblar o`rtasidagi janglarda dastavval Konkabaev ustun kelardi. Ammo so`nggi paytlarda tarozi pallasi Bahodir tomonga og`di va bugun u qatorasiga uchinchi bor qozoq bokschisini finalda mag`lub etdi.

Shunday qilib Osiyo chempionatining erkaklar o`rtasidagi bahslarini terma jamoamiz 6ta oltin, bitta kumush hamda 3ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 1-o`rinda yakunlashdi.

    Boshqa yangiliklar