Kecha, 3 iyun kuni Turizm va sport vazirligida gibrid shaxmat bo`yicha Osiyo chempionligini qo`lga kiritgan Shamsiddin Vohidovni taqdirlash marosimi o`tkazildi. Bosh vazir o`rinbosari –O`zbekiston shaxmat federasiyasi raisi Aziz Abduhakimov chempionga esdalik sovg`alarini topshirdi va u bilan dona surdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Kuni kecha gibrid shaxmat bo`yicha o`tkazilgan onlayn musobaqada hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov eng yaxshi natijani qayd etib, Osiyo chempioni degan yuksak nomga sazovor bo`lgani haqida xabar bergan edik.
Shaxmatchimiz ushbu g`alabasi evaziga bir vaqtning o`zida Jahon kubogi yo`llanmasini ham qo`lga kiritdi. Natijada dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirokida o`tadigan Jahon kubogida Vatanimiz sharafini naqd 5 (!) nafar grossmeysterimiz himoya qiladigan bo`ldi. Bular – jahonning eng yosh va iqtidorli shaxmatchilari bo`lmish Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattarov, shuningdek Nodirbek Yoqubboev, Javohir Vohidov hamda Shamsiddin Vohidov.
Aziz Abduhakimov avvalo yosh shaxmatchimizni bunday ajoyib g`alabaga erishganligi bilan samimiy muborakbod etdi hamda Shamsiddin kabi iste`dodli yoshlar ertamiz egalari uchun namuna bo`lib xizmat qilishi, qanchadan-qancha yoshlar ularga o`xshashga intilishini ta`kidladi.
“Shu sababli, sizdan tez-tez viloyatlarga, chekka-chekka hududlarga chiqib, shaxmatga qiziquvchi yoshlarga mahorat darslari o`tishingizni, joylarda o`zingiz kabi iqtidorli yoshlarni kashf etishga hissa qo`shishingizni so`rayman”, - dedi vazir.
Shundan so`ng Shamsiddin Vohidovga O`zbekiston shaxmat federasiyasi raisi Aziz Abduhakimovning tabriknomasi o`qib eshittirildi. Unda jumladan shunday so`zlar bor edi:
“Bugungi kunda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahnamoligida sportni yanada rivojlantirish, yosh avlodni har jihatdan etuk va barkamol etib tarbiyalashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonda aql gimnastikasi – shaxmatni rivojlantirish ham ustuvor yo`nalishlardan biriga aylandi. Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori O`zbekistonda shaxmatni yanada keng targ`ib qilish, yosh shaxmatchilarni tayyorlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Shaxmat azaldan ota-bobolarimizning sevimli intellektual mashg`uloti bo`lgan. Buyuk Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Alisher Navoiy kabi ajdodlarimiz shatranj o`ynaganliklari tarixiy hujjatlarda muhrlangan. Shu ikki muhim omil sabab aynan O`zbekiston yoshlari shaxmat chempionlari bo`lishga haqli, deyish mumkin.
Xalqaro arenalarda Vatanimiz bayrog`ini baland ko`tarib, o`zbek shaxmati shuhratini jahon miqyosida keng tarannum etgan holda, sportning boshqa turlari qatori shaxmatni ham yoshlarimiz o`rtasida yanada ommalashtirishda Sizning alohida o`rningiz bor.
Sizning ushbu yorqin g`alabangiz yangi O`zbekistonda sport sohasini rivojlantirishga alohida e`tibor berilayotganligining yorqin ifodasi, deb ayta olaman. Ushbu g`alabangiz mamlakatimiz mustaqilligining o`ttiz yillik to`yiga munosib sovg`a bo`ldi. Keyingi marra – yurtimiz bayrog`ini jahon chempionatida ham yuqori ko`tarasiz, deb niyat qilamiz!”
Tadbirda Aziz Abduhakimov tomonidan Osiyo chempioniga zamonaviy shaxmat dasturlari jamlangan kompyuter sovg`a qilindi.
Shuningdek, mana shunday iqtidorli shaxmatchini tarbiya qilgan ota-onasiga ham minnatdorlik izhor qilindi.
O`z navbatida, Sh.Vohidov mana shunday yuksak e`tibor uchun tashakkur bildirib, bundan yanada ruhlangan holda yangidan-yangi g`alabalar bilan Vatanimiz sha`nini ulug`lashga astoyidil harakat qilishini ta`kidladi.
Tadbir yakunida esa Turizm va sport vaziri, O`zbekiston shaxmat federasiyasi raisi Aziz Abduhakimov Osiyo chempioniga qarshi dona surdi.
Eslatib o`tamiz, 2018 yil 24 noyabr – 2 dekabr kunlari Turkiyaning Konya shahrida o`smirlar o`rtasida o`tkazilgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasi yakunlariga ko`ra o`zbekistonlik yosh aql-idrok sohiblari shohsupaning eng yuqori pog`onasidan o`rin egallagan.
O`shanda o`smirlar shaxmat Olimpiadasi qahramonlari – Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboev, Shamsiddin Vohidovlar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg`asi – “Spark” avtomobillari bilan taqdirlangan edi.















