Toshkentda Angliya metodikasi asosida yosh futbolchilarni tayyorlashga ixtisoslashgan birinchi futbol maktabi ochildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri
Bugun Toshkent davlat transport universiteti sport majmuasi stadionida Angliyaning «Brooke House College Futball Akademy» futbol maktabi filiali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda ingliz futbol akademiyasining texnik direktori Miki Adams, o`zbek futboli afsonasi Birodar Abduraimov, universitet rektori Odil Abdurahmonov, akademiyaning Toshkentdagi filiali ijrochi direktori Shuhrat Ernazarov, yosh futbolchilar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tantanali ochilish marosimida so`zga chiqqanlar Evropa standartlari asosida yosh futbolchilarni tayyorlashga ixtisoslashgan ushbu loyiha O`zbekistonda yuqori darajali futbolchilar tayyorlash tizimiga muhim hissa qo`shishini ta`kidladi.
Akademiya vakillarining so`zlari ko`ra, infratuzilma va tashkiliy imkoniyatlar guruh va murabbiylar sonini oshirishga imkon beradi. 11 yoshdan 19 yoshgacha bo`lgan har bir tarbiyalanuvchi uchun eng muvofiq dastur tanlab olinadi. Evropa metodikasiga ko`ra, bu erda bolalar futbol sir-asrorlarini mukammal egallashi bilan bir qatorda ularning etuk inson bo`lib tarbiya topishiga ham urg`u beriladi.
Maktabda faoliyat olib boradigan murabbiylar uchun Evropada malaka oshirish imkoniyati yaratiladi.
- Toshkentda «Brooke House College footboll Academy» futbol akademiyasi filiali ochilganidan va mamlakatingizga safarimdan juda xursandman, - dedi Miki Adams. - Biz transport universiteti jamoasi bilan birgalikda bolalar hayotiga katta o`zgarishlarni olib kirish niyatidamiz. Umid qilamanki, akademiyamiz mamlakatda futbolni rivojlantirishda amaliy yordam beradi.
Ma`lumot uchun, loyiha menejeri Miki Adams ingliz futbolchisi va murabbiyidir. U himoyachi ampulasida harakat qilgan. O`n to`qqiz yillik professional faoliyati davomida Angliyaning «Sautgempton», «Fulxem» va «Stok Siti» klublari safida to`p surgan.
Murabbiylik faoliyatini «Fulxem»da o`ynovchi murabbiy sifatida boshlagan. Ayni paytda u Angliya Premer-ligasida nazoratchi bo`lib ishlaydi va «Brooke House College Futball Akademy» texnik direktori sifatida ham faoliyat yuritadi.






