O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 10-11 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo`ladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Tashrif dasturida Dushanbe shahrida ikki tomonlama tadbirlar – rasmiy kutib olish marosimi, tor doiradagi va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar, ijtimoiy ob`ektlar ochilishi va ikki tomonlama hujjatlar imzolanishiga bag`ishlangan onlayn marosimlar o`tkazilishi ko`zda tutilgan.
O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Ko`p qirrali sheriklikning yangi “o`sish nuqtalari”ni belgilash hamda uzoq muddatli istiqbolga mo`ljallangan amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e`tibor qaratiladi. Prezidentlar xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashadilar.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari Tojikiston poytaxtida qo`shma madaniy tadbirlarda ishtirok etadilar, So`g`d viloyatida jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o`tkazib, qator sanoat ob`ektlari bilan tanishadilar.
Tadbirlar yakunida O`zbekiston bilan Tojikiston o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikning muhim sohalarini qamrab olgan 30 dan ziyod hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Keyingi yillarda O`zbekiston-Tojikiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga – strategik sheriklik darajasiga ko`tarilgani, aniq amaliy mazmun bilan boyiganini alohida ta`kidlash joiz.
Davlat rahbarlarining tashabbusi bilan va qat`iy siyosiy irodasi tufayli ikki birodar mamlakat va xalq o`rtasidagi aloqalarni rivojlantirishning dolzarb masalalari hal etildi.
O`zaro savdo hajmi bir necha barobar ortib, o`tgan yili 500 million dollardan oshdi, 200 dan ortiq qo`shma korxona tashkil etildi. Gumanitar sohada faol almashinuvlar, hududlar o`rtasida samarali aloqalar amalga oshirilmoqda.
Pandemiya bilan bog`liq murakkab sharoitda O`zbekiston va Tojikiston koronavirus oqibatlarini engib o`tishda o`zaro birdamlik ko`rsatib, bir-biriga elkadosh bo`ldi.
Bo`lajak sammitga tayyorgarlik doirasida ikki mamlakat Bosh vazirlari rahbarlik qilayotgan Hukumatlararo komissiyaning yig`ilishi, ilmiy-amaliy konferensiya, O`zbekiston kinosi kunlari va boshqa tadbirlar bo`lib o`tdi. Tashrif arafasida birinchi Hududlararo forum va Ishbilarmonlar kengashining uchrashuvi o`tkaziladi.






