AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Tojikistonga jo`nab ketdi

'Shavkat Mirziyoev Tojikistonga jo`nab ketdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 10 iyun kuni rasmiy tashrif bilan Tojikistonga jo`nab ketdi. Bu haqda PRezident Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Avval xabar qilinganidek, oliy darajadagi muzokaralarda O`zbekiston bilan Tojikiston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, transport-kommunikasiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yo`nalishlari ko`rib chiqiladi.

Ko`p qirrali sheriklikning yangi “o`sish nuqtalari”ni belgilash hamda uzoq muddatli istiqbolga mo`ljallangan amaliy hamkorlikni kengaytirish bo`yicha aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e`tibor qaratiladi.

Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashadi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo`shma bayonoti, O`zbekiston-Tojikiston investisiya kompaniyasini tashkil etish, sanoat va yangi texnologiyalar sohasidagi hamkorlik to`g`risidagi bitimlar, Qishloq xo`jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo`yicha “yo`l xaritasi” va boshqa hujjatlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab oladigan jami 30 dan ziyod hujjat qabul qilinishi ko`zda tutilgan.

Bundan tashqari, tashrif doirasida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperasiyani yo`lga qo`yish bo`yicha umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo`lgan tijorat shartnomalari va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Tashrif dasturidan Dushanbe shahrida madaniy tadbirlarda ishtirok etish, So`g`d viloyatida jamoatchilik vakillari bilan uchrashish, sanoat ob`ektlari bilan tanishish ham o`rin olgan.

    Boshqa yangiliklar