AsosiySiyosat

Hozirda talabalarda qo`shimcha 149 mingta turar joyga ehtiyoj mavjud

'Hozirda talabalarda qo`shimcha 149 mingta turar joyga ehtiyoj mavjud'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida oliy ta`lim tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tmoqda.

Davlat rahbari barcha sohadagi islohotlar tayyorlanayotgan mutaxassislarga bog`liq ekanini ko`p ta`kidlaydi. Shu bois oliy ta`lim tizimidagi dastlabki o`zgarishlar avvalo, qabul qamrovini oshirish, muassasalarning moliyaviy holatini yaxshilash, professor-o`qituvchilarni moddiy qo`llab-quvvatlashga qaratildi.

Shuningdek, davlat rahbari talabalar yotoqxonasi bo`yicha muammolarga to`xtalib o`tdi.  

Yotoqxona o`rinlari sonini oshirish hisobiga qo`shimcha 22 ming, ijara to`lovini qoplash orqali 60 mingdan ziyod talabalarning turar-joy masalasi hal etib berildi va bunga joriy yilda byudjetdan 50 milliard so`m ajratiladi.

Hozirda talabalarda qo`shimcha 149 mingta turar joyga ehtiyoj mavjud. Ushbu muammoli masalani  tadbirkorlar bilan xususiy sheriklik orqali tezda hal qilish mumkin.  

Bo`sh maydoni bo`lgan oliygohlar o`z hududida, bo`sh maydoni bo`lmaganlari 1,5 kilometrgacha masofada tadbirkorlarga yotoqxonalar tashkil etish uchun er auksion orqali ajratiladi.  

Oliygoh rektori, viloyat hokimlari tadbirkorlar bilan kamida 20 yil muddatga shartnoma imzolaydi, binoning 1-2 qavatini biznes uchun (ko`ngilochar xizmatdan tashqari) tadbirkorga berish, yuqori qavatlarini arzon turar joy (xostel) tashkil etish shartlari belgilanadi. Talabalarning turar-joyi xarajatlarini 50 foizini byudjetdan qoplab beriladi.

Bu tadbirkor uchun – kafolatli mijoz, birinchi va ikkinchi qavatidagi biznesi uchun katta bozor, talaba uchun – qulay va arzon sharoit, oliygohga esa – mablag`ni tejash va  ularni ta`lim sifatini oshirish uchun yo`naltirishga katta imkoniyat dedi davlat rahbari.  

Prezident viloyat hokimlariga bir hafta muddatda talabalarga qulay hududlarda yotoqxonalar qurish bo`yicha er maydonlarini belgilab, auksionga chiqarish bo`yicha ko`rsatma berdi.  

    Boshqa yangiliklar