AsosiyJinoyat

O`zini “katta”ning jiyani deb tanishtirgan firibgarga hukm o`qildi

'O`zini “katta”ning jiyani deb tanishtirgan firibgarga hukm o`qildi'ning rasmi

Ma`lumki, biz sudyalar kasbimiz taqozosi tufayli turli toifadagi jinoyatchilarga duch kelamiz. Ayniqsa, firibgarlikning turfa ko`rinishlariga huquqiy baho berib, qonuniy jazo tayinlaymiz. Firibgarlar shunday ustamon, gapga chechan bo`ladiki, ularning tuzog`iga ilingan ancha-muncha shaxs chuv tushmay qolmaydi. Negaki, bu toifa kimsalar jabrlanuvchilarning ishonchini qozonish uchun hech qanday hiyla-nayrangdan tap tortishmaydi.

O`zgalarni firib to`riga ilintirish maqsadida hamtovoqlari orqali o`zini davlat rahbarining jiyani sifatida tanishtirgan ustasi farangni birinchi bor ko`rdim. Bu – zominlik hamyurtimiz, 41 yoshli Og`abek Keldibekov (ism-familiyalar o`zgartirilgan).

Shuni alohida ta`kidlash lozimki, ayni paytgacha Og`abek firibgarligi tufayli “bor-yo`g`i” 10 marotaba sudlangan, xolos. So`nggi marotaba jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tuman sudining 2014 yil 26 maydagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan aybdor deb topilgan. Natijada kodeksning 59 va 61-moddalari tartibida 9.947.000 so`m jarima hamda 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat ishlari bo`yicha Jizzax shahar sudining 2020 yil 24 avgust kungi ajrimiga binoan, Jinoyat kodeksining 74-moddasi asosida o`talmay qolgan jazosi oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolingan holda 7 yil 8 oy 2 kun muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. Zomin tumani IIB Probasiya guruhining 2020 yil 6 dekabrdagi ma`lumotnomasiga asosan, o`talmagan ahloq tuzatish ishi jazosi 7 yil 4 oy 29 kunni tashkil qiladi. Joriy yilning 23 mart kuni esa unga xuddi shunday jinoyati uchun o`n birinchi marotaba qonuniy jazo tayinlandi. 

Endi haqli savol tug`iladi: xo`sh, bu gal Og`abek kimlarni chuv tushirgandi?

Bu safar Og`abek Keldibekov 2018 yilda Jizzax shahridagi jazoni ijro etish muassasasida o`zi bilan birga “o`tirgan” Jamoliddin Qurbonovni laqqa tushirdi. Hayratlanarlisi shundaki, u 2019 yilda jazoni ijro etish muassasasida jazo o`tayotgan paytda firibgarlikka qo`l urdi. Ya`ni, Jamoliddinning avtomashina olish niyatida yurganligidan xabar topib, unga qo`ng`iroq qiladi.

— Men “Malibu”imni sotmoqchiman. Shuni olsangizchi, hali deyarli ko`p yurmagan, - deya Jamoliddinni avraydi. – Avval pulning bir qismini berasiz. Qolganini esa oz-ozdan qilib uzaverasiz.

Albatta, uning taklifi eski jo`rasiga juda ma`qul keladi. Chunki “Malibu”ni birdaniga sotib olishga Jamoliddinning imkoni yo`q edi-da. Binobarin, Jamoliddin go`yoki uni ko`rgani borgan kishi bo`lib, jazoni ijro etish muassasasi oldida 10.000 AQSh dollarini beradi. Biroq shundan keyin Og`abek bergan va`dasini unutib, avtomashinani og`aynisining nomiga o`tkazib bermaydi. Olgan pullarini esa allaqachon hazm qilib yuborgandi.

Shunga qaramay, Jamoliddin bu xususda hech kimga lom-mim demaydi. Lekin vaqt o`tishi bilan boshqa bir firibgarligi uchun Og`abekka jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari boshlangandagina, o`zi ham huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qiladi.

Buni qarangki, 2020 yil 24 avgust kuni ozodlikdan mahrum qilish jazosi ahloq tuzatish ishi jazosiga almashtirilib, ozodlikka chiqqach Og`abek Keldibekov yana “eski hunar”ini davom ettiradi. Ya`ni, u bir guruh shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, Mas`uliyati cheklangan jamiyati direktori Ulug`bek Ahmedovning pul mablag`larini qo`lga kiritish payiga tushadi.

Gap shundaki, Ulug`bek Ahmedov yaqinlaridan biri Umid Tojiboevning mas`uliyati cheklangan jamiyati orqali xorijiy mamlakatlardan banan mahsulotlarini keltirib sotish bilan shug`ullanayotgandi. Navbatdagi 600 tonna banan mahsulotini esa Ulug`bek 2020 yil 22 noyabr kuni Ekvador davlatidan olib kelib, bojxona to`lovlarini to`lagunga qadar o`zining MChJ omborxonasida saqlab turadi. Ana shu jarayonda bo`lsa tadbirkor mahalliy bozorlarda boshqa bir MChJ tomonidan respublikamizga olib kirilgan banan mahsulotlari ancha arzon narxda sotilayotganligidan xabar topadi. Shu sababli o`zi ham kelgusida mahsulot tannarxi arzonlashishini o`ylagan holda MChJ orqali olib kirib sotishni ko`zlaydi. Bu xususda tanish-bilishlaridan yo`l-yo`riq ham so`raydi. Shunda Ulug`bekning maqsadidan xabar topgan Og`abek 2020 yil 24 noyabr kuni tanishlariga qo`ng`iroq qildirib, uni uchrashuvga chorlaydi.

— Biz sizning muammoingizni MChJ orqali hal qilib beramiz. Bu davlat rahbarining jiyani bo`lgan qadrdonimiz Og`abekning qo`lida. Yaqin kunlarda sizni uchrashtiramiz, o`zingiz ishonch hosil qilasiz. Ungacha o`n ming dollar tayyorlab qo`ying. Faqat ishingiz bitsa, bizni ham quruq qo`ymaysiz, - deb shart qo`yishadi.

Shundan so`ng 2020 yil 28 noyabr kuni o`sha qo`ng`iroq qilgan yigit Ulug`bek Ahmedovni Mirobod tumanidagi kafe yoniga chaqiradi.

— Hozir keladilar, pul yoningizdami? - deya so`raydi “o`rtakash” salom-alikdan keyin.

Ulug`bek esa bunga javoban tasdiq ma`nosida bosh irg`aydi. Shu mahal ayni savol-javob nihoyalamay turib, Og`abek Keldibekov paydo bo`ladi. E`tibor bering-a, u o`ljani tezroq ilintirish va ishonchini qozonish maqsadida “Lexus” rusumli avtomashinada savlat to`kib keladi. Haligi yigit esa uni Ulug`bekka tanishtirgach, firibgar “qahramon”imiz og`iz to`ldirib gapira ketadi.

— Ishingiz to`qson foizga hal bo`ldi. Faqat indinga bir joyga kirib chiqishimiz kerak. Shunda muammo to`liq echiladi.

U shunday deb, Ulug`bek Ahmedovdan 10.000 AQSh dollarini olib ketadi. Binobarin, tadbirkor yigit xotirjam ishini davom ettiraveradi. Ya`ni, 2020 yil 29 noyabr kuni yana Ekvadordan 400 tonna banan olib keladi. Keyin bojxona rasmiylashtiruvini Og`abek amalga oshirishiga ishonib, mahsulotni o`z omborida vaqtincha saqlab turadi. Biroq, 2020 yil 30 noyabr kuni soat tongda boshqa bir yigit unga qo`ng`iroq qilib, Og`abek Keldibekovga yana 10.000 AQSh dollari berish lozimligini aytadi. Natijada Ulug`bek pasport nusxasi bilan birga 10.000 AQSh dollarini “hojatbaror”ning qo`liga tutqazadi. Lekin xadeganda muammo echim topavermaydi. Og`abek bo`lsa shoshilmay turishini, tez kunda bojxona posti yoki MChJ orqali ishni hal qilishini tayinlaydi. Biroq....

Biroq aytilgan muddatda yana hech qanday natija bo`lmaydi. Shu bois aldanganini sezgan Ulug`bek Ahmedov 2020 yil 1 dekabr kuni Og`abek Keldibekovga qonuniy chora ko`rilishini so`rab, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining xavfsizlik kengashi raisiga ariza bilan murojaat qiladi. Pirovadida pul oldi-berdisida o`rtada turgan kimsa 2020 yil 5 dekabr kuni Yakkasaroy tumani, Abdulla Kahhor ko`chasida joylashgan kafe yonida 20.000 AQSh dollarini qaytarib beradi. Shu payt Og`abek kelib, muammoni hal qilolmagani uchun uzr so`rab, keyin ketib qoladi. Oqibatda tezkor xodimlar shu kuniyoq uni qo`lga olishadi. So`ng aybdorga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atiladi.

Buni qarangki, tergov-surishtiruv jarayonida Og`abekning ukasi No``mon Keldibekov dastlabki jabrlanuvchi Jamoliddin Qurbonovga etkazilgan zarar – 10.000 AQSh dollarini qoplab beradi. Binobarin, sud majlisida Jamoliddin Qurbonov sudlanuvchiga nisbatan da`vosi yo`qligini ma`lum qiladi. Pirovardida jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi ishdagi og`irlashtiruvchi va engillashtiruvchi barcha holatlarni inobatga olgan holda Og`abek Keldibekovni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topadi. Kodeksning 59, 60 va 61-moddalari tartibida asosiy jazoga jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tuman sudining 2014 yil 26 maydagi hukmiga muvofiq tayinlangan jazolarni qisman qo`shish orqali uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari – 89.200.000 so`m miqdorida jarima hamda 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi. Shu bilan birga, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 34-moddasi tartibida o`ta havfli residivist deb topildi. Qolaversa, sud hukmida tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini maxsus tartibli koloniyalarda o`tattirish belgilanadi.

Kezi kelganda shuni taassuf bilan ta`kidlash joizki, so`nggi yillarda firibgarlik jinoyati ancha ortganini ko`ryapmiz. Achinarlisi, aksariyat hollarda bu jinoyatni eski firibgarlar, ya`ni muqaddam ayni jinoyaga qo`l urib, sudlanganlar sodir etmoqda. Ayrim yurtdoshlarimizning soddadilligi va ishonuvchanligi esa ular juda qo`l kelmoqda. Ayniqsa, jabrlanuvchilarning firibgar pul yoki mol-mulk talab etgandayoq tegishli idoralarga murojaat qilmay, chuv tushgandan keyingina “dod” deyishi har qanday kishining dilini xira qiladi.

Shunday ekan, yurtdoshlarimizga azaldan tanimagan-bilmagan, sinovdan o`tmagan kimsa bilan muloqot qilmaslikni maslahat bergan bo`lardik.

Bahromjon BERDIEV, jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudining sudyasi

    Boshqa yangiliklar