AsosiyJamiyat

Toshkentda 4 yoshli bola tarvuzdan zaharlanib vafot etdi

Marhumning otasi bolasining vafot etishida shifokorlarning bee’tiborliligi sabab bo‘lganini aytgan.

'Toshkentda 4 yoshli bola tarvuzdan zaharlanib vafot etdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda 16-avgust kuni 4-son shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasida 4 yoshli bolaning vafot etganiga doir xabarlar tarqaldi. Unda marhumning otasi farzandiga shifokorlar bee’tibor bo‘lganini bildirgan.

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabar berishicha, 15-avgust kuni soat 08:30 da 2021-yilda tug‘ilgan Z.A. ota-onasi tomonidan 4-son shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasiga ketma-ket qayt qilish, tana harorati ko‘tarilishi, ich ketishi, holsizlik va qorin og‘rig‘i shikoyatlari bilan olib kelingan. Bemorning onasidan shu zahoti epidemiologik anamnez yig‘ilgan.

Oilaning 3 nafar farzandida uyda tarvuz iste’mol qilgandan so‘ng ketma-ket qayt qilish, ich ketish, tana harorati ko‘tarilishi belgilari kuzatilgan. Uchala bemor yuqorida nomi keltirilgan shifoxonaga yotqizilgan.

Aynan Z.A.da ketma-ket qayt qilish, ichining suyuq ketishi va tana haroratining 38 darajagacha ko‘tarilishi hamda qorin og‘rig‘i kuzatilgan. Unga “O‘tkir ichak infeksiyasi, gastroenterokolit turi. Asorati: toksikoz-eksikoz 1-2 daraja” tashxisi qo‘yilgan.

Bola shifoxonaga keltirilishi bilan umumiy va bioximik qon, najas va siydik umumiy tahlillari qilingan. Bakteriologik ekma olingan va qorin bo‘shlig‘i ultratovush tekshiruvidan o‘tkazilgan.

Suvsizlanish (tana harorati balandligi, ketma-ket qayt qilish alomatlari)ni inobatga olgan holda, davolash rejasi tuzilgan. Shu asosda suvsizlanishni bartaraf etish uchun tomir ichiga suyuqlik yuborish muolajasi o‘tkazilgan va antibiotik (etiotrop) terapiya boshlab yuborilgan.

Ana shu sa’y-harakat natijasida 1 sutka davomida bola tana harorati 37,7 darajada bo‘lgan, ich ketish kamaygan, qayt qilish va ko‘ngil aynish belgilari esa saqlanib qolgan. Bola davolovchi bo‘lim shifokori nazoratida bo‘lib, tibbiyot xodimlari tomonidan konsilium o‘tkazilgan hamda qo‘shimcha davolash rejasi belgilangan.

Bemor soat 20:40 va 23:00 da navbatchi shifokor tomonidan ko‘rilgan. Ko‘rik vaqtida qusish 4-5-marta davom etgani va tana harorati 37,7 bo‘lgani, suvsizlanish belgisi saqlangani kuzatilgan. Suvsizlanish kuchayishining oldini olish uchun tomir ichiga suyuqlik va qusishga qarshi dori vositasi yuborilgan.

Onasi tungi soat 01:50 da navbatchi hamshiraga bolani ko‘rsatgan. Hamshira bemor ahvolini ko‘rishi bilan uni reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazgan. Bu yerda 40 daqiqa davomida reanimatsiya shifokori, navbatchi shifokor va tibbiyot xodimlari tomonidan reanimatsion tadbirlar bajarilgan.

Yuqori nafas yo‘li elektrootsos yordamida tozalangan (elektrootsos ishlashi uchun, ya’ni manfiy bosim hosil qilish uchun elektrootsos apparati ichiga 1-2 litr suv quyiladi), ambu yordamida nafas berilgan, bilvosita yurak yopiq massaji o‘tkazilgan, kerakli shoshilinch tez yordam dori vositalari yuborilgan.

Ko‘rilgan tezkor reanimatsion tadbirlarga qaramay, bolada soat 02:30 da biologik o‘lim qayd etilgan. Tashxis: “O‘tkir yuqumli ichak kasalligi, gastroenterokolit turi. Aspirasion sindrom”.

Bola Respublika sud-tibbiy ekspertizasiga yuborildi va ushbu muassasaning dastlabki tashxisi ma’lum qilindi: “O‘pka-yurak yetishmovchiligining boshqa turlari, A09 ichak infeksiyasi bilan bog‘liq, deb taxmin qilingan diareya va gastroenterit”.

Hozirgi vaqtda uning o‘limi bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshiruv olib borilmoqda. Mazkur tekshiruv va Respublika sud-tibbiy ekspertizasining yakuniy xulosasidan so‘ng bolaning o‘limi yuzasidan yakuniy ma’lumot beriladi.

    Boshqa yangiliklar