Kecha, 21 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi. Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar qildi.
Majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n oltinchi yalpi majlisini 2021 yil 25 iyun kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa tarzida o`tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko`rib chiqilishi rejalashtirilgan. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni ta`minlash sohasidagi faoliyatini takomillashtirish, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta`minlash masalalari qo`mitasini tashkil etish to`g`risidagi masalalar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, “Rasmiy statistika to`g`risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi, “Sudlar to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasining davlat tili to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi, “2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartishlar kiritish haqida”gi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Toshkent viloyatining Oqqo`rg`on, Ohangaron, Bekobod, Bo`stonliq, Bo`ka, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Qibray, Parkent, Piskent, O`rta Chirchiq, Yangiyo`l tumanlari va Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo`l, Bekobod shaharlari chegaralarini o`zgartirish to`g`risidagi masala ko`rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Qolaversa, qon donorligi sohasini rivojlantirish yuzasidan ko`rilayotgan choralar to`g`risida, oqava suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof-muhit hamda aholi salomatligiga ta`siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovlari yuborish haqidagi masalalar ko`rib chiqilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, 2030 yilgacha bo`lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovasiyalarga ko`maklashish maqsadiga erishish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalari va boshqa masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Oliy Majlis Senati hamda Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish bo`yicha Respublika komissiyasi tomonidan mahallardagi holat, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash, aholi bandligini ta`minlash va sohaga oid belgilangan chora-tadbirlarning ijro etilishi bo`yicha o`tkazilgan o`rganish natijalari ko`rib chiqilishi nazarda tutilmoqda.






