2004 yilda Iroqda terrorchilar asiriga aylangan yaponiyalik jurnalist Dzyumpey Yasudaning Suriyada o`g`irlangani taxmin qilinmoqda. Bu haqda Facebook ijtimoiy tarmog`ida e`lon qilingan videorolikka asoslanib, “Vesti” nashri xabar bermoqda. Mazkur videorolikni tarmoqqa joylashtirgan shaxs uni “Jabhat an-nusra” terrorchilik tashkilotidan olganini aytgan.
Rolikda yaponiyalik jurnalist ingliz tilida o`zini tanishtiradi va tug`ilgan kunini aytadi. Shundan so`ng u o`z yaqinlariga murojaat qiladi.
“Men sizlarni yaxshi ko`raman va siz bilan suhbatlashmoqchiman”,— deydi jurnalist.
Yaponiya hukumati Yasudaning Suriyada asirga olingani haqidagi ma`lumotlarni hali tasdiqlaganicha yo`q.
“Biz uning asirga olingani haqidagi ma`lumotlarni tasdiqlamaymiz. Biz axborot to`plashda davom etamiz”— dedi hukumat vakili.





