Avvalroq, Buxoroda boshlangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumi haqida xabar bergan edik. Forumda Marting Chungong, Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi so`zga chiqdi va forumning ahamiyati haqida fikr bildirdi:
— Men shunday muhim forumda qatnashayotganimdan juda xursandman.
Sir emas, Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro`yobga chiqarish juda katta siyosiy iroda, kuch-g`ayratni talab qiladi. O`zbekistonda bu borada davlat, parlament, jamoatchilik institutlari hamkorlikda ishlayotgani e`tiborni tortadi. Darvoqe, men kecha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan uchrashdim. Shuningdek, Senat Raisi bilan suhbatlashdim. Parlamentlararo hamkorlikni izchil yo`lga qo`yishga ulkan hissa qo`shayotgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoevga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Hamkasblarim O`zbekistonda aholi turmush darajasini yaxshilash, Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro`yobga chiqarish borasida juda katta ishlar amalga oshirilayotganini aytib bergan edi. Yurtingizga kelgach, bu gap haqiqat ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildim. O`zbekistonda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, gender tengligi borasida ham salmoqli ishlar bajarilayotgani e`tiborga molik. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, O`zbekistonda gender tengligiga erishish, yoshlar muammolarini hal qilishda yaxshigina tajriba to`plangan. Forumda shu tajriba o`rganilmoqda, tahlil etilyapti. Zero, Barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga samarali tadbiq etish uchun biz global miqyosda parlamentlararo hamkorlikka ehtiyoj sezyapmiz.
Xulosa qilib aytganda, O`zbekistonning dunyoga so`zlab beradigan o`z hikoyasi, ya`ni tajribasi bor. Bu forum shu hikoyani dunyo parlamentlari bilan baham ko`rishning eng yaxshi imkoniyatidir.






