23 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat rahbarlari O`zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Joriy yilning 10-11 iyun kunlari Tojikistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif yakunlari bo`yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi. Savdo, sanoat, energetika, qishloq xo`jaligi, transport va iqtisodiyotning boshqa sohalarida qo`shma kooperasiya loyihalarini va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini qabul qilingan «yo`l xarita»lariga muvofiq ilgari surishga alohida e`tibor qaratildi.
Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda qaror topayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar hamda mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, yaxshi qo`shnichilikni mustahkamlash uchun yaqin muloqot va sa`y-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirish zarurligini ta`kidladilar.
Shuningdek, bo`lajak ko`p tomonlama, shu jumladan Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi tadbirlar jadvali ko`rib chiqildi.






