Avval xabar qilganimizdek, bugun 24 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida investisiya va eksport sohalarida olib borilayotgan ishlar va yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo`lgan ustuvor vazifalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda qayd etilishicha, 2017 yildan boshlab barcha manbalar hisobidan 716 trillion so`m (83 milliard dollar) yoki oldingi davrga nisbatan 2 baravardan ziyod investisiyalar o`zlashtirilgan. Shundan 26,8 milliard dollarini xorijdan jalb qilingan mablag`lar tashkil etadi.
To`g`ridan-to`g`ri investisiyalar – 10,6 milliard dollar, davlat kafolati ostidagi loyihalar uchun – 8,4 milliard dollar, kafolatsiz kreditlar – 6,6 milliard dollar, bank va korxonalarning xalqaro obligasiyalari – 1,2 milliard dollarlik mablag` jalb qilingan. O`zlashtirilgan investisiyalarning qariyb 65 foizi sanoat va infratuzilma loyihalariga to`g`ri keladi.
Natijada so`nggi 4 yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti tarkibida sanoatning ulushi 25 foizdan 33 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 1,3 baravarga o`sdi.
Jumladan, avtomobilsozlikda ishlab chiqarish – 3,4 baravar, elektrotexnika – 2 baravar, farmasevtika va qurilish materiallari – 1,4 baravar, metallurgiya – 1,2 baravarga oshdi.
Tayyor to`qimachilik va maishiy texnika mahsulotlari eksporti 5 baravarga o`sdi.
Ushbu davrda 441 trillion so`mlik 47 mingdan ziyod yirik, o`rta va kichik loyihalar ishga tushirilib, 680 mingdan ortiq doimiy yangi ish o`rinlari yaratildi.
Shuningdek, so`nggi 4 yilda mahalliy sanoat, qishloq xo`jaligi va servis sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun 100 trillion so`m (10 milliard dollar) investisiyalar yo`naltirildi.
– 2017 yildan boshlab O`zbekiston iqtisodiyotiga 83 milliard dollar investisiya kirdi. Bu juda katta raqam. Juda ko`p tajriba orttirdik, bir dollarlik investisiya evaziga qancha ish joyi yaratilyapti, qancha raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaryapti, sanoat o`sishi qanday – bugun shularni muhokama qilamiz – dedi Shavkat Mirziyoev.
Mavzuga doir:






