Grek-makedon chegarasida minglab qochoqlar lager palatkalarida qismatlari nima bilan tugashini intiqlik bilan kutishmoqda.
Palatkalarda odamlarning zich joylashgani, sovuq va zax havo sharoiti qochoqlar o`rtasida yuqumli infeksion kasalliklarning avj olishiga zamin yaratmoqda, deb xabar berdi “Euronews” nashri.
Lagerda yashovchi qochoqlarni chegarani kesib o`tish fikri, umidi tark etmagan. Ularning ko`pchiligi uchun bu hayot-mamot masalasiga aylangan. Suriyalik Muhammad ismli qochoq shunday dedi: “Evroittifoq biz tushib qolgan vaziyat echimini topishi va uni ijobiy hal etishi lozim. Ular kelib bizni suratga tushirib, rasmlarni gazetalarda chop etishlaridan lagerdagi qochoqlarga bir chaqalik foyda yo`q. Bu rasmlar bizning yashayotganimizni emas, shunchaki mavjudligimizni isbotlaydi. Agar vaziyat shunday davom etadigan bo`lsa, biz halok bo`lamiz”.
Lager aholisining 40 foizini bolalar, shu jumladan chaqaloqlar tashkil etadi. Homilador ayollar Gresiya klinikalarida farzandlarini dunyoga keltirib, keyin chaqaloqlari bilan yana chegaradagi lagerlarga qaytib kelishmoqda. Suriyalik 19 yoshli Shukriya al-Bakir bu haqda o`z fikrini bildirdi: “Men Evroittifoq rahbarlaridan o`tinib so`rayman, hech bo`lmasa bolalarimizga rahm qilib, ularni chegaradan o`tkazishsin. Lagerda bolalar o`limi yuqori darajada. Yaratganga shukrki, mening qizcham sog`-salomat, ammo lagerdagi antisanitar sharoitdan kasalxonada yuzlab bolalar halok bo`lmoqda”.
Grek shifokorlari bolalarni tekshiruvdan o`tkazganda, suriyalik qizaloqda gepatit kasalligi aniqlangan. Hukumat shundan keyin lagerni toza ichimlik suvi solingan sisterna bilan ta`minlagan.





