Vashingtonda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muzokaralar o`tkazdi. Bu haqda Davlat departamenti xabar berdi.
Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvda Blinken mintaqaviy barqarorlik va Afg`onistondagi tinchlik masalasiga to`xtalib o`tdi. U AQShning Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligi va barqarorligini ta`minlashga sodiqligini tasdiqladi.
Entoni Blinken va O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov payshanba kuni Vashingtonda bo`lib o`tgan uchrashuvda Afg`onistondagi vaziyat hamda ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi.
«AQSh va O`zbekiston mintaqaviy xavfsizlik sohasida, ayniqsa Afg`oniston bilan bog`liq bo`lgan jiddiy umumiy manfaatlarga ega, - dedi Blinken. - O`zbekiston mintaqa davlatlarini iqtisodiyot va infratuzilma sohasida bir-biriga yaqinlashtirishda etakchi hisoblanadi, biz buni ham muhokama qilamiz, shuningdek ikki tomonlama masalalar ko`rib chiqiladi».
Komilov, o`z navbatida, Vashingtonda O`zbekiston delegasiyasi «keng kun tartibiga» ega ekanligini ta`kidladi. «Biz munosabatlarimizning holati va kelajagi to`g`risida fikr almashamiz. Markaziy Osiyoda xavfsizlikka jiddiy e`tibor qaratamiz, - dedi u. - Dunyoda va mintaqada ko`p narsa o`zgardi. Albatta, biz Afg`onistondagi vaziyat to`g`risida ham gaplashib olamiz».
Bundan tashqari, AQSh vakili Markaziy Osiyoning beshta davlati - Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O`zbekiston bilan hamkorlik mavzusiga to`xtalgan.
Qo`shma Shtatlar diplomatik idorasi rahbari O`zbekistonga «Afg`onistonda adolatli va barqaror tinchlik o`rnatish uchun doimiy qo`llab-quvvatlashi uchun» minnatdorlik bildirdi, shuningdek, Toshkentning Kobul bilan «yaqin siyosiy va iqtisodiy o`zaro aloqalar»ga intilishini olqishladi.






