1

Toshkentdagi notarial idora ma`lumotnoma berish uchun fuqaroni 3 kun sarson qildi

Jamiyat 21.03.2016, 00:34
Toshkentdagi notarial idora ma`lumotnoma berish uchun fuqaroni 3 kun sarson qildi

Taniqli jurnalist va teleboshlovchi Shoira Raufboeva(Shohira Hamro) Shayhontohur tumani 1-son notarial idorasiga ma`lumotnoma olish uchun borgani, u erdagi o`z ishiga mas`uliyatsiz va sovuqqon notariuslar sabab ma`lumotnoma olguncha sarson sargardon bo`lganini haqida Facebook ijtimoiy tarmog`idagi Maslahat.uz guruhiga yozib qoldirdi.

“Ochig`i bayram arafasi bu haqda yozish uncha to`g`rimasdir..lekin yozmasam bo`lmadi”,—deydi teleboshlovchi.

“Chunki oramizda o`z ishini yaxshi bilmaydigan, chalasavod ‘mutaxassislar’ bor ekan, ular bizning asabimizni eb, vaqtimizni o`g`irlashda davom etaverishadi. Keling, hammasini bir boshdan gapirib beray: o`tgan hafta hujjatlarimni yo`qotib qo`ydim(aniqrog`i o`g`irlatdim) ularning ichida mashinamning texnik pasporti ham bor edi. Bu hujjatsiz esa mashinada bugun ko`chada yurib bo`lmaydi. Xullas, uni qayta tiklash uchun harakat boshladim. ‘GAI’da ish bir pasda bitdi. Lekin mashinam davlatdan olingan kredit sababli garovda bo`lgani uchun, yana bir hujjat lozim ekan. ‘GAI’dagilar menga kreditni rasmiylashtirgan Shayhontohur tumanidagi 1-sonli notariusdan  ‘texnik pasportni qayta tiklashga qarshi emasmiz’ qabilida yozilgan bildirgi yozdirib kelishim kerakligini aytishdi. ‘G`uncha’ kinoteatri qatorida joylashgan notariusga keldim va ana shu nuqtadan mening uch kun vaqtimni o`g`irlab, asabimni egan, yomg`irda ivib, shaharni piyoda kezishga majbur qilgan ‘sarguzashtlarim’ boshlandi. Mazkur notarius shaharda ancha nomdor, mijozlari ham ko`p. Ishanova Donoxon opani imzosi bilan ko`p xayrli ishlar boshlangan. Lekin bu opani mazkur notariusga uch kun qatnagan bo`lsam , biror marta ham ish joyida ko`rmadim.U kishining chamasi 7-8ta yordamchisi bor ekan. Hammasi to`tiqushday ‘Hozir keladilar’, deb bir gapni takrorlaydi. Vaholanki, mazkur notarius davlatniki,davlat maosh tayinlab qo`ygan ishxonaga uch kun kelmaslikni tushunmadim. Lekin opa ko`rinmas kuch bilan idorani boshqarib turibdilar. Chunki xodimlar u kishi bilan telefonlashib, meni 8-sonli shu tumandagi boshqa notariusga yuborishdi. Baza o`sha erda. Sizga o`sha erdan ma`lumotnoma berishlari kerak, deyishdi. Ko`kchada joylashgan mazkur notariusdagilarni ham ancha kutib olgan javobim shu bo`ldiki, ‘Mashina Yunusobod tumaniga tegishli. Bizning bazada u yo`q. Taqiqni 1-notarius qo`ygan, ruxsatni ham ular beradi. Nimaga bizga yuborishdi hayronmiz’,deyishdi. Yana qaytib 1-notariusga keldim. Endi ular ‘tez yuguring, opa pastda, ketib qoladilar hozir. Mashinaga tushib ketdilar’,deyishsa yugurib tushaveribman. Xuddi opani biror marta ko`rgan-u, taniydigandek.Opa bilan ‘diydorlashish’afsus nasib etmadi. Yana o`sha meni 8-notariusga yuborgan ayolga duch keldim. ‘Men opa bilan gaplashdim. Siz bizga shaxsan ariza bilan murojaat kilishingiz kerak ekan, keyin biz sizga ma`lumotnoma berar ekanmiz’,dedi u. Arizaniyam, ma`lumotnomaniyam o`sha erdagi bir ayol yozib berar ekan. U ishga kirishishdan oldin menga to`lov kog`ozini olib chiqdi. To`lov qilib chiqsam, yozilgan ma`lumotnoma ustida ikki yigit muk tushib, ‘to`g`ri-noto`g`ri’ deb o`tirishibdi. Nihoyat, bir to`xtamga kelib, qosh qorayganda ma`lumotnomani qo`limga berishdi. Olib, xursand bo`lib ketaveribman. Lekin ‘GAI’ga borishga kech edi. Shunday qilib bir kun yo`qotdim. Ertalabdan yana ‘GAI’ga bordim. Ular ma`lumotnomani o`qib, bir-biriga ko`rsatib rosa kulishdi. Keyin esa menga yuzlanib:

—Opa, mashina garovdaligini biz bilamiz,siz ham bilasiz. Notariusdagilar biz va siz bilishimizni bilishi haqida yozib beribdi.Bizga esa ular garovga olib,har qanday ish bajarishni taqiqlab qo`ygan bu ish yuzasidan ‘Biz rozimiz Texnik pasportni qayta tiklab bering’,degan gap kerak edi deyishdi.

Yana kaytib shaharning bu chekkasiga, notariusga keldim. Yana opa yo`q.Endi o`sha erdagi boshqa ayol:

—Borib bankdan bizga shunday ma`lumotnoma berilsin,degan xat olib keling, keyin beramiz,—dedi.

Men ‘Opani o`zi bilan gaplashay, bu yomg`irda u yoqdan bu yoqqa yuravermaymanku’,dedim. Lekin u berolmasligini, Dono opa qaerdaligiyam, qachon ishga kelish yo kelmasliginiyam bilmasligini aytdi. Bir amallab boshqa bir ayolni Dono Ishanovaga qo`ng`iroq qildirishga erishdim.Lekin asablarim tarang edi. U kishi bilan o`g`lim gaplashdi.Dono opa bankdan shu mazmunda xat bo`lmasa menga ma`lumotnoma bera olmasliklarini, o`zlari davolanishda ekanliklarini,xodimlari ishni eplay olmay hamma ishni ag`dar-to`ntar qilishganini, bankdan qog`oz olib kelsam o`zlari kelib shaxsan ma`lumotnoma yozib berishlarini aytdilar.

“Bank yopilib kolmasdan bankka boring,xodimlarim kutib turadi. Darrov qilib berishadi”,dedilar.

Bu orada vaqt kech bo`lib qoldi. Shunda  ham ish shu bugun bita qolsin,deb  Chorsu bozorini ichida joylashgan bankka yugurdik. Bankdagi kredit bo`limi xodimi vaziyatni to`g`ri baholab, 5 daqiqa ichida ma`lumotnoma yozib berdi. Xullas, 10 daqiqaga qolmay ma`lumotnomani olib kelsak, notariusdagilar juftakni rostlashibdi. Yana Dono opaga qo`ng`iroq qildik.

 "Ko`p yillik tajribaga ega bo`lgan notariussiz. Bu muammo bank bilan hal bo`lishini boshidan nahot bilmadingiz, axir xodimlaringiz ishga kelmasangiz ham siz bilan maslahatlashib turishdiku"-dedik.

 U kishi "bu mingdan bir holatda bo`ladigan xato. Uzr. Ertalab 8.30da keling, o`zim chiqaman ishga”,dedilar.

Ertasi 8.30da ham, undan keyin ham opani ishga kelganini ko`rmadim. Lekin har holda vanihoyat 3-kuni ma`lumotnomani oldim. U kishi qo`l qo`ygan bo`sh blankalar xodimlarda bo`lar ekan.(Muhim hujjatlarning taqdiri hal bo`ladigan vazifada o`zi 3-4 kunlab ishga kelmay, shu yo`sinda ish tutish mumkinmi?) Texnik pasportni ham tikladim, faqat alam qiladigani, oramizda o`z ishiga , mijozlarning muammosiga ana shunday sovuqqonlik bilan munosabatda bo`layotganlarning borligi,o`z ishini yaxshi bilmaydigan chalasavodlarga davlat ishonib topshirgan lavozimi mas`uliyatini yuklab qo`yib, odamlarni sarson-sargardon kilib qo`yishgani.Jamiyatni orqaga tortayotganlar ham ana shunday mas`uliyatsiz odamlar asli”,—deya so`zlariga yakun yasadi Shoira Raufboeva.

Teleboshlovchi posti so`ngida bu kabi holatlarga qarshi qanday kurashish mumkin ekanligini so`rab,guruhdagilarga yuzlandi.

 Guruh a`zolaridan ko`pchiligi notariusga borib, ularning xizmatidan xafsalasi pir bo`lganini, bunday mas`uliyatsiz notariuslar ustidan O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga arz qilish va bunday vaziyatlarda ishonch telefonlariga qo`ng`iroq qilish kerakligini bildirgan.

Shu o`rinda, foydalanuvchilardan biri qoldirgan izoh e`tiborimizni tortdi:

“Agar davlat organlari orasida fuqarolarga qo`pol muomala qilish, ularni mensimaslik, qo`lidan keladigan oddiy ishlarni ham qilishdan bo`yin tovlash, xalqni ovorayi sarson qilish bo`yicha reyting tuzilsa, notariuslar shubhasiz 1-o`rinni olsa kerak.

To`g`ri, 5 qo`l barobar emas, ammo aksariyat (barchasi emas) notariuslar aslida asosiy vazifasi xalqqa xizmat ko`rsatish ekanligini unutib qo`yganiga ancha bo`lgan”,—deyiladi ushbu izohda.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1