Samarqandda Navro`z bayrami munosabati bilan o`zbek milliy kino san`ati festivali bo`lib o`tdi.
“O`zbekkino” milliy agentligi va Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda yurtimizdagi taniqli kino va teatr aktyorlari, rejissyorlar, san`atshunoslar ishtirok etdi.
Kinofestival doirasida joylarda o`tkazilgan uchrashuvlarda tomoshabinlar yoshlarni turli yot g`oya va illatlardan asrashga qaratilgan badiiy filmlar haqida o`z fikrini bildirib, yangi taklif va g`oyalari bilan o`rtoqlashdi.
Festival ishtirokchilari viloyatdagi oliy va o`rta maxsus ta`lim muassasalari, mahallalar, kinoteatrlarda ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari o`tkazdi. Samarqand shahridagi “Sharq yulduzi” kinoteatrida rejissyor Z.Musoqovning “Xazonrezgi” badiiy filmi taqdimoti bo`lib o`tdi.
Festival kunlarida mehmonlar Samarqand viloyati shahar va qishloqlarida o`tkazilgan Navro`z sayillarida qatnashdi.





