AsosiySiyosat

O`zbekiston delegasiyasi Jenevada BMT Bosh kotibining o`rinbosari bilan uchrashdi

'O`zbekiston delegasiyasi Jenevada BMT Bosh kotibining o`rinbosari bilan uchrashdi'ning rasmi

7 iyul kuni Jenevada O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegasiyasi bilan BMT Bosh kotibining o`rinbosari, BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissarining o`rinbosari Jilian Triggs o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi.

         Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi bilanBMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi hamkorligining ustuvor yo`nalishlari muhokama qilindi.

Muloqot ishtirokchilari O`zbekiston bilanBMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi o`rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilganini ta`kidladilar. Ushbu hamkorlik aloqalari o`zaro ishonch va tom ma`nodagi sheriklikka asoslangan.

Keyingi yillarda BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan o`zaro munosabatlar ayniqsa faollashdi. Xususan, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan 2021 yil bo`yicha Qo`shma ish rejasi ishlab chiqildi va ushbu reja muvaffaqiyat bilan bajarilmoqda.

Mazkur hujjat doirasida birgalikda milliy va mintaqaviy miqyoslarda seminar va o`quv treninglari o`tkazildi. Shuningdek, fuqarosizlik va qochoqlar masalalariga oid xalqaro normativ-huquqiy amaliyotni milliy huquqni qo`llash amaliyotiga tatbiq etish bo`yicha o`qituvchilar uchun modullar ishlab chiqildi. 

Jilian Triggs uchrashuv asnosida Prezident Shavkat Mirziyoev rahnamoligida O`zbekistonda fuqarosizlikni kamaytirish sohasida muhim natijalarga erishilganini e`tirof etdi.

Bundan tashqari u BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi Toshkentga fuqarosizlik bilan bog`liq masalalarni, xususan, BMTning 1961 yilgi tegishli Konvensiyasining ratifikasiya qilinishi orqali hal etishda amaliy ko`mak berishga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o`zaro manfaatli bir qancha masalalar bo`yicha qo`shma tadbirlarni amalga oshirish to`g`risida kelishib oldilar.

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi 

Milliy markazining matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar