15-16 iyul kunlari Toshkentda bo`lib o`tadigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o`zaro bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiya arafasida “Dunyo” AA Pokistonning O`zbekistondagi elchisi Said Asad G`iloniy bilan yaqinlashib kelayotgan forumning ikki mintaqa o`rtasidagi o`zaro bog`liqlikni yanada rivojlantirishdagi ahamiyati hamda O`zbekiston – Pokiston munosabatlari xususida suhbatlashdi.
– Pokiston va O`zbekiston o`rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tarixi o`z ildizlari bilan uzoq o`tmishga borib taqaladi. Mamlakatlarimiz umumiy madaniyat va ma`naviy qadriyatlarga ega. Bizni bog`lab turgan mushtarakliklar juda ko`p – biz bir gulning yaproqlarimiz.
O`zbekiston mustaqillikni qo`lga kiritganidan so`ng ishonch va qat`iyat bilan taraqqiyot yo`lini tanladi. 2016 yilja esa mazkur ravnaq jarayonida jiddiy va sezilarli o`zgarishlar ro`y berdi. Hurmatli Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O`zbekiston taraqqiyotning yangi bosqichiga kirdi. Biz mamlakatning so`nggi yillarda butun dunyoqarashi o`zgarganini ko`rib turibmiz. Xalqaro va mintaqaviy darajalarda O`zbekiston muhim sub`ektga aylandi. Xuddi shuningdek, Pokiston – O`zbekiston munosabatlari ham bu bosqichda yangicha mazmun kasb etdi.
Bugungi kunda mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlar juda yuqori darajaga ko`tarildi. Afg`onistonda tinchlik o`rnatilishi, inson huquqlari himoyasi va boshqa ko`plab masalalarda manfaatlar mushtarakligi, bir xil qarashlar mavjud. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xususida to`xtalganda, ikki tomonlama savdo-sotiq allaqachon 100 million dollardan oshib ketganini qayd etib, Afg`onistondagi vaziyat yaxshilanganidan so`ng yangi darajaga chiqish lozimligini aytishni istar edim.
Pokiston va O`zbekiston 2021-2023 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo`yicha kengashiga a`zolikka saylandi. Davlatlarimiz inson huquqlari himoyasi bilan bog`liq masalalarda o`z qat`iyatini namoyish etdi. Madaniy aloqalarga kelsak, Pokiston va O`zbekiston umumiy ma`naviy-ma`rifiy merosga ega. Xususan, Pokistonda Bahovuddin Naqshbandning izdoshlari ko`p. Boshqa tomondan esa o`zbek do`stlarimiz Pokistonning ajoyib, diqqatga sazovor maskanlarini ko`rishsa ko`zlari quvonadi.
Bosh vazir Imron Xonning O`zbekistonga kutilayotgan rasmiy tashrifi turli sohalardagi Pokiston – O`zbekiston munosabatlarining mustahkamlanishida muhim bosqich bo`ladi. Bu, shuningdek, ikki mamlakat etakchilariga mintaqadagi vaziyat yuzasidan o`zaro fikr almashish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Jo`g`rofiy joylashuv, diniy-ma`rifiy yaqinlik, tarix, iqtisodiyot va mintaqaviy rivojlanish – bularning barchasi Pokiston va O`zbekiston o`rtasidagi yanada yaqin aloqalar va sheriklik uchun mustahkam poydevor hisoblanadi.
Bosh vazir Imron Xonning O`zbekistonga tashrifi hamda ikki mamlakat etakchilari o`rtasidagi yaqin munosabatlar o`zaro hamkorlikning yanada rivojlanishiga turtki beradi.
Pokiston Bosh vazir Imron Xon rahbarligi ostida dadil va puxta o`ylangan qadamlarni tashladi. Jumladan, Xitoy – Pokiston iqtisodiy yo`lagi (China–Pakistan Economic Corridor, CPEC) rivojlantirilmoqda, chunki bu nafaqat mamlakat ichkarisida foydali bo`ladi, balki mintaqaviy va xalqaro sarmoyadorlar uchun ham katta imkoniyatlar yaratadi.
Pokiston dengiz yo`llariga ega bo`lmagan Markaziy Osiyo mamlakatlariga Xitoy – Pokiston iqtisodiy yo`lagi kommunikasiya infratuzilmasi vositasida bandargohlarga chiqishda ko`maklashishi mumkin.
Markaziy Osiyo hamda zamonaviy Pokiston kiradigan mintaqa uzoq tarix davomida savdo, madaniy va diniy rishtalar bilan xuddi bir yagona makondek o`zaro bog`langan edi. Odamlar va g`oyalar erkin harakatlanar edi. Zamonaviy ilmiy ishlanmalar, aloqa va axborot texnologiyalarining yangi uslub va imkoniyatlari butun jahon dunyoqarashini o`zgartirib yuborgan bugungi kunda bu mintaqalar o`rtasidagi yaqin aloqalarni tiklash hamon ro`yobga chiqmagan orzu bo`lib turibdi.
Bugun to`g`ri qarorlar qabul qilish va to`g`ri tanlov orqali ushbu niyatga erishish mumkin. Yaqinlashib kelayotgan xalqaro konferensiya mintaqa etakchilariga bir davrada to`planib, hali ishga solinmagan salohiyatdan samarali foydalanish yo`llarini topish uchun qulay imkoniyat taqdim etadi.
Bunda biz ochilayotgan yangi imkoniyatlar bilan bir qatorda AQShning Afg`onistondan chiqib ketishi tufayli ro`para kelishimiz mumkin bo`lgan tahdidlarni ham teran anglamog`imiz lozim. Biz Afg`onistonning yangi fuqarolik urushiga botib qolishiga qarab turolmaymiz. Bu afg`onlarga ham, uning yaqin qo`shnilariga ham naf keltirmaydi.
Men Prezident Shavkat Mirziyoevning ushbu konferensiyani tashkil etish bo`yicha tashabbusini yuqori baholayman. Bu tadbirni aynan hozir o`tkazish oqilona va uzoqni ko`zlangan qarordir. O`ylaymanki, bu O`zbekiston rahbarining mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishdagi katta muvaffaqiyati va ushbu jarayonga qo`shgan salmoqli hissasi bo`ladi.
Hozirgi paytda o`zaro bog`liqlik muvaffaqiyatning kaliti hisoblanadi. Keling, bunga Evropa misolida qarab ko`raylik. Evropa ko`pgina katta va uzoq davom etgan urushlarni boshdan kechirgan. Evropada dengiz orqali savdo qilish imkoniyatlariga ega mamlakatlar ko`p, biroq dengizga chiqish yo`li mavjud bo`lmaganlari ham bor. Vaqti kelganida Evropa etakchilari o`zaro birlashishga qaror qildi. Bugungi kunda Evropaning o`zaro bog`liqlik, savdo-sotiq, iqtisodiy rivojlanish darajasi va xalqaro maqomi qandayligini yaqqol ko`rib turibmiz.
Xitoyning “Bir belbog`, bir yo`l” tashabbusi konsepsiyasini ham xuddi shunday tahlil qilib ko`rsak bo`ladi. Bularning barchasi o`zaro bog`liqlik, o`zaro bog`liqlik va yana o`zaro bog`liqlikka yo`naltirilgan. Savdo-iqtisodiy faollik mavjud bo`lsa mintaqa ham ravnaq topadi. Mintaqa tinchlik va farovonlikka intilsa birqarorlik va tinchlik mustahkamlanadi. Mamlakatlar nizolarni kuch bilan emas, balki muloqot yo`li bilan bartaraf etishga moyildir. Bu mintaqadagi odamlar hayotining sifatini yanada oshiradi. Ijtimoiy barqarorlik, hayot darajasining yuqoriligi va tinchlik – har qanday etakchi o`z xalqiga hohlaydigan juda totli omillar mana shulardir.
Men yangi yuksalishni, farovonlik, taraqqiyot va tinchlikning yangi davrini ko`rayapman. Toshkent konferensiyasi ana shu yangi davrdagi muhim qadam bo`lib qoladi. Shu nuqtai nazardan ushbu konferensiya favqulodda muhimdir.
Biz mintaqaning ayrim muhim jihatlarini to`la anglashimiz kerak. Eng avvalo, bu Afg`oniston bilan bog`liq. Agar siz xaritaga qarasangiz, Afg`oniston Sharq va G`arb, Markaziy va Janubiy Osiyo o`rtasida asosiy bog`lovchi bo`g`in ekanini ko`rasiz. Bu mamlakatdan sharqqa qarab aholisi gavjum Pokiston, Hindiston, Bangladesh va Uzoq Sharq joylashgan. G`arbda esa - Rossiya va Evropaga ko`prik hisoblanadigan Markaziy Osiyo va Eron. Endi bir tasavvur qiling, agar Afg`oniston barqaror va tinch bo`lsa, ushbu mamlakat orqali savdo hamda tijoriy faoliyat amalga oshirilsa Osiyo va Evropa mintaqalarini bog`lovchi bu tinchlik oroli naqadar yaxshi bo`lardi. Shunda Sharq va G`arbdagi ulkan aholi yashaydigan hududlar avtomobil va temir yo`l infratuzilmalari orqali bog`lanadi, masofalar qisqaradi, savdo-sotiq jadallashadi va xarajatlar arzonlashadi. Shuning uchun ham mazkur konferensiyadan samarali natijalar erishish uchun eng muhim yoki asosiy rag`bat – Afg`onistondagi tinchlikdir.
Boshqa yana bir muhim jihat - o`zaro bog`liqlik orqali biz intilayotgan marra va maqsadlardir. Pokiston – 220 million aholiga ega bo`lgan mamlakat, ulkan bozor. Pokiston bandargohlari Fors ko`rfazi, Hindiston va Uzoq Sharqni bog`laydigan o`ta muhim dengiz yo`llarida joylashgan. Markaziy Osiyo mamlakatlari amalda bir necha mintaqaga chiqish imkoniyatiga ega bo`ladi. Pokiston hududida Xitoy – Pokiston iqtisodiy yo`lagi yakuniy bosqichga kirmoqda. Ushbu megaloyiha doirasida biz infratuzilmani modernizasiya qildik va rivojlantirdik, maxsus iqtisodiy zonalar barpo etilmoqda. Bu zonalar Markaziy Osiyo tadbirkorlariga o`z loyihalarini amalga oshirish, Pokiston bandargohlaridan foydalanib, daromad olish uchun qulay imkoniyatlar taqdim etadi.






