AsosiyJamiyat

Markaziy saylov komissiyasi ommaviy axborot vositalari bilan ikki tomonlama memorandum imzoladi

'Markaziy saylov komissiyasi ommaviy axborot vositalari bilan ikki tomonlama memorandum imzoladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirishga doir memorandum imzoladi.

Unga ko`ra, Markaziy saylov komissiyasi O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, “Uzreport” axborot agentligi bilan joriy yilning oktyabr oyida bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda tayyorgarlik ishlarining olib borilishi va o`tkazilishini yoritish bo`yicha ikki tomonlama memorandumlar imzoladi.

Mazkur hujjatda saylov qonunchiligi normalariga amal qilgan holda barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, nomzodlar va siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari haqidagi ma`lumotlarni saylovchilarga o`z vaqtida etkazish kabi muhim vazifalar aks etgan. Tadbirda saylovlarni ochiqlik, oshkoralik va transparentlik asosida o`tkazishda ommaviy axborot vositalarining roli muhim ahamiyat kasb etishi ta`kidlandi. Saylov kampaniyasi davomida saylovchilar barcha muhim voqea va yangiliklardan ommaviy axborot vositalari orqali xabardor bo`lishiga alohida e`tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan OAV saylov kampaniyasi davrida tashviqot ishlari, saylov komissiyalari faoliyati va boshqa masalalarni keng yoritib borib, aholining siyosiy faolligini oshirishda faol bo`lishi lozimligi qayd etildi. Ma`lumot o`rnida aytish joizki, 2019 yil bo`lib o`tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlari kampaniyasi davrida televidenieda 16 ming 738 ta, radiokanallarda 6 ming 914 ta, bosma ommaviy axborot vositalarida 4 ming 771 ta, veb-saytlarda 2 ming 278 ta, telegram kanallarida 3 ming 435 ga yaqin, ijtimoiy tarmoq sahifalarida 6 ming 723 ta, jami respublika bo`yicha 40 ming 860 ga yaqin saylovga oid materiallar berilgan. Bundan tashqari, 40 ming 800 dan ortiq siyosiy partiyalarga oid axborotlar, shuningdek, xalqaro OAV orqali 100 dan ortiq saylovga oid materiallar e`lon qilingan.                             

"O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasiga a`zo barcha teleradio kanallar muhim siyosiy jarayonga, saylov kompaniyasiga puxta tayyorgarlik ko`rmoqda. Yaqinda saylovga tayyorgarlik jarayoniga bag`ishlangan konferensiyada ularning bu yo`nalishdagi ish rejalarini muhokama qildik, barchasi mukammal darajada deyish mumkin. Xabaringiz bor assosiasiyamiz tomonidan qabul qilingan “Yangi O`zbekiston. Yangi nigoh” Media dasturimizda 20 dan ortiq loyihalar saylov jarayonlariga qaratilgan. Biz ushbu loyihalarda asosan yoshlarga e`tiborni kuchaytirdik. Negaki, yurtimiz yoshlar mamlakati, saylovlarda yoshlar  yoshlarni ergashtirsin degan g`oyani o`zida mujassamlashtirgan 11 ta loyihamiz ish boshladi. Ishonch bilan ayta olamizki, bugungi tadbirda imzolangan saylovga tayyorgarlik ishlarining olib borilishi va o`tkazilishini yoritish bo`yicha ikki tomonlama memorandumda belgilangan vazifalarni yuqori saviyada uddalaymiz", - dedi O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi Bosh direktori Jaloliddin Safoev.        

Boshqa yangiliklar