Ikki kun davomida, ya`ni 20-21 iyul kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida Xalqaro olimpiya qo`mitasining kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha unda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi vakillari ham ishtirok etgan.
Yig`ilishning ilk kunida bir qator masalalar muhokama qilingan.
Unda O`zbekiston sport tarixida ilk bor mamlakat vakilasi, 1991 yildan buyon jahon va qit`a chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o`yinlarida o`ziga xos rekord o`rnatgan o`zbek sport afsonasi Oksana Chusovitina Xalqaro olimpiya qo`mitasining sportchilar komissiyasiga a`zo bo`lish imkoniyatiga ega bo`lgan.
Ma`lumot o`rnida, XOQning sportchilar komissiyasi 17 kishidan iborat. Shu kunlarda mazkur komissiya a`zolarining 4 nafari o`z vakolatini topshirgan. Bo`shab qolgan o`rinlar uchun dunyo miqyosidagi 30 nafar etakchi atletlar nomzodi ilgari surilmoqda. Komissiya a`zoligiga nomzod sportchilar, sobiq atletlar shu kunlarda Yaponiyaga taklif etilgan. Ovoz berish jarayoni esa shu yil 3 avgustgacha davom etadi.