AsosiySport

Milliy Olimpiya qo`mitasi Tokioga yo`l olgan o`zbek engil atletikachilari prezident va`da qilgan mukofot pulini ololmayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi

'Milliy Olimpiya qo`mitasi Tokioga yo`l olgan o`zbek engil atletikachilari prezident va`da qilgan mukofot pulini ololmayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi'ning rasmi

“Ozodlik” radiosining o`zbek xizmati tomonidan 20 iyul kuni e`lon qilingan “Tokioga yo`l olgan o`zbek engil atletikachilari prezident va`da qilgan mukofot pulini kutmoqda” sarlavhali maqola yuzasidan Milliy Olimpiya qo`mitasi rasmiy ma`lumot berdi.

Unga ko`ra, O`zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo`lib o`tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o`yinlariga tayyorlash bo`yicha Respublika komissiyasi qaroriga muvofiq, Olimpiadada ishtirok etish huquqini qo`lga kiritgan sportchiga 100 million so`m, uning murabbiysiga esa 50 million so`m bir martalik rag`batlantirish puli berilishi belgilangan.

Ushbu hujjatga asosan, 17 sport turi bo`yicha 71 ta lisenziyani qo`lga kiritgan milliy terma jamoa vakillaridan 64 nafariga 100 million so`mdan hamda ularning murabbiylariga 50 million so`mdan bir martalik rag`batlantirish puli taqdim etildi.

“Ozodlik” maqolasida ilgari surilgan “Olimpiya qo`mitasi va Engil atletika federasiyasi rahbariyati turli bahonalar bilan engil atletikachilar va ularning murabbiylariga Prezident qarorida belgilangan rag`bat puli berilmayapti”, mazmunidagi da`vo haqiqatga to`g`ri kelmaydi.

Birinchidan, Tokio olimpiadasida O`zbekiston sharafini himoya qiluvchi engil atletikachilardan 7 nafari Olimpiya o`yinlarida qatnashish normativlarini bajargani va lisenziyalarni qo`lga kiritgani Xalqaro engil atletika federasiyasi tomonidan rasman 1 iyul kuni tasdiqlangan. Joriy yilning 4 iyuldan 5 iyulga o`tar kechasi engil atletchilar Olimpiya o`yinlariga yakuniy tayyorgarlik bosqichini amalga oshirish, o`quv mashg`ulot yig`inlarida ishtirok etish uchun Turkiya Respublikasiga jo`nab ketgan.

Ikkinchidan, O`zbekiston engil atletika federasiyasi Milliy Olimpiya qo`mitasiga murojaat qilib, lisenziyalarni qo`lga kiritgan sportchilar bugungi kunda Tokioda bo`ladigan Olimpiya o`yinlariga jiddiy tayyorgarlik ko`rishi kerakligini inobatga olib va pandemiya sharoitidan kelib chiqib, sportchilar sog`ligini saqlash uchun turli ommaviy tadbirlarga jalb qilmaslik, muhim mashg`ulotlardan chalg`itmaslik maqsadida ularga hamda murabbiylariga beriladigan bir martalik mukofot pullarini Olimpiya o`yinlaridan qaytgach, tantanali ravishda topshirishni iltimos qilgan.

Shunday bo`lishiga qaramay, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo o`yinlari hamda jahon chempionatlarida yuksak natijalarga erishgan, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida Vatanimiz bayrog`ini baland ko`tarib kelayotgan sportchilar va ularning trenerlarini rag`batlantirish maqsadida olimpiya yo`llanmasini qo`lga kiritgan tegishli sportchilar qatori engil atletikachilardan Svetlana Radzivil Milliy olimpiya qo`mitasi va Toshkent shahar xokimligi tomonidan 100 million so`mdan jami 200 million so`m, murabbiysi Milliy olimpiya qo`mitasi tomonidan 50 million so`m, Sadullaeva Safina Sirdaryo viloyati xokimligi tomonidan 100 million so`m, Xodjaev Suxrob Toshkent shahar xokimligi tomonidan 100 million so`m, Reznichenko Darya Toshkent shahar xokimligi tomonidan 100 million so`m pul mukofotlari bilan (plastik kartalariga pul tushirish orqali) taqdirlangan.

Ayni paytda qolgan engil atletchilar va ularning murabbiylariga ushbu mablag`larni berish choralari ko`rilmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizda sportchi va trenerlarni moddiy qo`llab-quvvatlash hamda ularning salomatligini yanada mustahkamlashning noyob tizimi yaratilgan. Xususan Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 oktyabrdagi 878-son qarori bilan Olimpiya va Paralimpiya o`yinlari g`olib va sovrindorlariga belgilangan miqdorda umrbod oylik to`lovlar to`lash hamda ularning salomatligini sanatoriy-sog`lomlashtirish muassasalarida mustahkamlash tartibi belgilab qo`yilgan.

Ma`lumot o`rnida, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 iyundagi PQ-5160-son qaroriga asosan, Olimpiya va Paralimpiya o`yinlarida oltin medal olgan sportchilar uchun 200 ming, kumush medal uchun 100 ming va bronza medali uchun 50 ming AQSh dollari berilishi ham ko`zda tutilgan.

Boshqa yangiliklar