O`zbekiston turizm va sport vazirligining ma`lum qilishicha, Yaponiyaning Tokio shahrida XXXII yozgi Olimpiya o`yinlarining tantanali ochilish marosimi boshlanishi arafasida mamlakatimiz sport delegasiyasi bayroqdorlari o`zgardi.
«Chunki ertaga Bobousmon Baturov ringga chiqishi kerak. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ochilish marosimida ishtirok etadigan har bir kishi tadbirdan bir necha soat oldin stadionga etib borishi, tadbir davomida tik oyoqda turishi, tekshiruvlardan o`tishi lozim. Bu esa sportchilarni urintirib qo`yishi tabiiy. Shuni inobatga olgan holda mamlakatimiz delegasiyasi rahbariyati bayroqdorlarni o`zgartirishga qaror qildi. Bobousmonning o`rnini o`zbek boksi faxri Bahodir Jalolov egalladi.
O`z navbatida 25 iyul kuni bahslarga kirishadigan Oksana Chusovitina ham o`zining so`nggi olimpiadasiga jiddiy hozirlik ko`rish maqsadida o`z o`rnini bo`shatdi va sport gimnastikasi afsonasini Nigora Tursunqulova almashtirdi», deyiladi vazirlik xabarida.
Ochilish marosimi Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da start oladi.
Paradda birinchi bo`lib zamonaviy Olimpiya o`yinlarining asoschisi hisoblanmish Gresiya davlati vakillari chiqib keladi. Shundan so`ng mezbon davlat alifbosi bo`yicha davlatlar ketma-ketligi «Olimpiya stadioni»da ko`rinish beradi. E`tiborlisi, O`zbekiston nomi yapon alifbosida oldi qatorlardan bo`lib, tartib raqam bo`yicha 25-o`rindan joy olgan.






