2021 yil 23 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Unda yirik siyosiy jarayon O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga start berildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi ma`lum qilmoqda.
Tadbirda siyosiy partiyalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan. Unda Markaziy saylov komissiyasi 2021 yilning 24 oktyabr sanasini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, deb belgilagan. Saylov kampaniyasi 23 iyuldan boshlanishi e`lon qilingan.
Prezident saylovi shu yil 8 fevralda O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 117-moddasiga kiritilgan o`zgartishga muvofiq, oktyabr oyida bo`lib o`tadi.
O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjaev Prezident saylovi yangilangan milliy saylov qonunchiligi, umume`tirof etilgan xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora o`tkazilishini alohida qayd etgan.
Xabarlarga ko`ra, majlisda saylov qonunchiligida belgilangan normalarning ijrosini o`z muddatida va samarali ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazish bo`yicha kalendar rejasi tasdiqlandi.
Unda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tegishli davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda qadam-baqadam va kun-bakun amalga oshiriladigan vazifalar belgilangan.
Okrug hamda uchastka saylov komissiyalarini tuzish, kuzatuvchilarning saylovdagi ishtirokini ta`minlash, saylovchilarning yagona elektron ro`yxati, siyosiy partiyalarning, Prezidentlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillarining saylovdagi ishtiroki, saylov kampaniyasini moliyalashtirish, saylovoldi tashviqoti, saylov jarayonini yoritish, ovoz berishni o`tkazish bilan bog`liq ishlar ana shular jumlasidandir.