Kecha Angliyaning “Flitvud Taun” futbol klubi vakili Stiv Bellis xizmat yuzasidan Toshkentga tashrif buyurdi.
2015 yilda “Lokomotiv” hamda “Flitvud Taun” o`rtasida rasmiy hamkorlik imzolangan bo`lib, bundan ko`zlangan maqsad o`zbekistonlik yosh iqtidorli futbolchilarni Angliyada malaka oshirishini ta`minlash uchun qo`yilgan dastlabki qadam bo`lgandi.
Ushbu hamkorlikning ilk samarasi o`laroq o`tgan yilning kuzida “Lokomotiv”ning ikki futbolchisi, darvozabon Rustam Nartajiev bilan himoyachi Sergey Proxorov “Flitvud Taun”da uch oylik malaka oshirib qaytgandi. Va har ikkala futbolchi ham aynan evropalik mutaxassislarning kuzatuvidan so`ng ularning taklifiga binoan Tumanli Albionga yo`l olishgandi. Ma`lumot uchun Toshkentga tashrif buyurgan Stiv Bellis mazkur klubning “Xalqaro bo`limi”da faoliyat yuritadi hamda xorij klublari bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish borasida ish olib boradi. Bundan tashqari, bu mutaxassis bungacha Angliyaning boshqa bir klubi “Everton”da konsultant bo`lib ishlagan.
Stiv Bellisning Toshkentga tashrifidan ko`zlangan maqsad, “Lokomotiv” hamda “Flitvud Taun” o`rtasidagi o`zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, “Lokomotiv”ning Angliyada yozgi o`quv-yig`in mashg`ulotini o`tkazishni ta`minlash, Evropa klublari bilan o`rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish, “Lokomotiv”ga angliyalik mutaxassislarni jalb qilishda yaqindan yordam berish, o`zbekistonlik futbolchilarning yuksak saviyadagi o`yinchi bo`lib etishishi uchun xorijda faoliyatini yo`lga qo`yishda ko`mak berish va boshqa masalalar o`rin olgan. Biz voqealar rivoji bilan batafsil tanishtirib boramiz. Angliyalik mehmon bugun bo`lib o`tadigan O`zbekiston – Filippin o`yiniga ham tashrif buyuradi.