AsosiySport

Tokio-2020: Birinchi kunda o`zbekistonliklar birorta ham g`alabaga erishmadi

'Tokio-2020: Birinchi kunda o`zbekistonliklar birorta ham g`alabaga erishmadi'ning rasmi

Xabar berganimizdek, bugun Yaponiyaning Tokio shahrida besh yil orziqib kutganimiz – XXXII yozgi Olimpiya o`yinlariga start berildi. Musobaqaning dastlabki kunida jami 11 nafar O`zbek  sportchilari bahslarga kirishi belgilangan edi. Hozircha ularning 10 nafari Olimpiya o`yinlarining bugungi dasturida o`z ishtirokini yakunlashdi. Biroq, natijalar maqtagulik emas. Turizm va sport vazirloi bu haqda xabar qilmoqda.

Ma`lum bo`lishicha, ularning orasida birinchi bo`lib o`q otish sportidagi O`zbek vakilasi Muxtasar Toxirova bahslarga kirishgan. Dunyoning eng kuchli 50 nafar mergani orasida kurash olib borgan Muxtasar musobaqada yomon ishtirok etmadi, u jami 6 urinishda umumiy 622.2 ochko to`pladi va yakunda 33-o`rinni egallagan.

Shundan so`ng bir yo`la ikki nafar qilichboz ilk urinishdayoq Tokio bilan xayrlashdi. Sherzod Mamutov ruminiyalik Ilian Teodosiuga qarshi kechgan jangda 11:15 hisobida imkoniyatni boy bergan bo`lsa, birozdan keyin uning jamoadoshi Malika Hakimova ham ilk bosqichda xitoylik raqibasiga 10:15 hisobida yutqazib qo`ygan.

Bu muvaffaqiyatsizliklarni bokschi qiz Shaxnoza Yunusova ham davom ettirdi. U ilk bosqichda polshalik raqibasiga 0:5 hisobida imkoniyatni boy bergan.

Shaxnozaning ortidan bugun ringga ko`tarilgan bokschi Sanjur Tursunov ham musobaqa bilan xayrlashdi. U -91 kg vazn toifasida jazoirlik raqibi Abdelxafid Benchablaga qarshi rjang qildi va 1:4 hisobida mag`lub bo`lgan.

Dzyudochi Sharofiddin Lutfillaevga qur`ada omad kulib boqdi, u yapon raqibi bilan faqat finalda to`qnash kelishi mumkin, bu esa hamyurtimizning medal olish imkoniyatini oshiradi, deb xursand bo`lgan edik. Ammo, Ukraina terma jamoasi a`zosi Artyom Lesyuk ham Sharofiddin uchun «chaqilmas yong`oq» vazifasini o`tadi va medallar uchun kurashni davom ettiradigan bo`ldi.

Tokio-2020 Olimpiya o`yinlariga O`zbek sportchilari orasidan birinchi bo`lib tennischi Denis Istomin yo`llanma olgandi. 

U 1-setni raqibiga boy berib qo`ydi – 4/6. 2-setda ham uzoq vaqtgacha Denisning o`yini qovushmayotgan edi. Hisob hind tennischisi foydasiga 5-2ga etgach, o`yin taqdiri hal bo`ldi degan xayolga borgandik ham. Lekin, Istomin o`yinda burilish yasadi va 2-setni tay-brekda o`z foydasiga hal qildi. Hal qiluvchi 3-setda hamyurtimiz 4-3 hisobida oldinda borayotgan bir pallada xotirjamlikka berildimi yoki omad yuz o`girdimi, yakunda yana 4/6 hisobida yutqazdi va u ham birinchilar qatorida ortga qaytadigan bo`ldi.

Velosportchi Murodjon Xolmurodov bugun shosse yo`nalishi bo`yicha 234 km masofaga o`tkazilgan poygada o`z omadini sinab ko`rdi. U jami jami132 nafar sportchi orasida 64-natijani qayd etdi. Ushbu yo`nalishda Ekvador vakili Richard Karapaz oltin medalni qo`lga kiritdi.

Bugungi bahslarda  O`zbekiston uchun yagona ijobiy baholangan holat – akademik eshkak eshish bahslarida Sobirjon Safaraliev va Shaxboz Xolmurzaev juftligi 2000 metrga eshkak eshish bahslarida 6ta terma jamoa orasida 4-natijani qayd etib, keyingi bosqichga yo`l olganligidir. To`g`ri, medallar uchun imkoniyat pasaydi, ammo butkul yo`qolgani yo`q.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar