Bugun, 29 iyul kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi hamda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi tomonidan “Aholi bandligini ta`minlash hamda tadbirkorlik ko`nikmalarini shakllantirishda nodavlat ta`lim tashkilotlarining o`rni va istiqbollari” mavzusida davra suhbati o`tkazildi. Unda senatorlar, qo`mitalar ekspert guruhlari a`zolari, vazirlik va idoralar, nodavlat va notijorat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda aholi bandligini ta`minlash hamda tadbirkorlik ko`nikmalarini shakllantirishda nodavlat ta`lim tashkilotlarining o`rnini mustahkamlash, nodavlat ta`lim muassasalari faoliyatini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlashga qaratilgan normativ-huquqiy baza yaratilgan.
Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 13 oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori belgilangan topshiriqlar ijrosini ta`minlash bo`yicha bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Ushbu Qarorga muvofiq, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 3 bosqichdan iborat tizim yaratilgan. Jumladan, motivasiya berish, o`qitish va kreditlashning zamonaviy va samarali tizimi ishlab chiqilgan.
Xususan, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan jami 171 ta o`quv kursi tashkil etilgan hamda 3046 nafar tinglovchi o`quv kurslariga jalb etilgan. Ularning 2125 nafari o`quv kurslari yakunida sertifikatlar bilan taqdirlangan. O`quv kurslarida qatnashgan tinglovchilarning 1 002 nafarini yoshlar, 1 865 nafarini ayollar tashkil etadi. O`quv kurslariga “Ayollar daftari”ga kiritilgan 773 nafar xotin-qizlar qatnashib, 489 nafari Oliy maktab tomonidan o`quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlaganligi sababli sertifikat bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 1 158 nafar tinglovchidan 926 nafari Oliy maktab tomonidan o`quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlaganligi sababli sertifikat bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, davra suhbatida senatorlar tomonidan nodavlat ta`lim muassasalarida kasb-hunar va tadbirkorlikka o`qitilgan yoshlar va xotin-qizlarni o`qitish xarajatlari davlat tomonidan kompensasiya qilish belgilangan bo`lsa-da, Hukumat tomonidan tegishli tartib ishlab chiqilmaganligi, shuningdek, aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o`qitish dasturlarida ishtirok etuvchi nodavlat ta`lim tashkilotlari elektron reestri hanuzgacha shakllantirilmaganligi, ta`lim sifatini ko`tarish va davlat maktablaridan ortiqcha yuklamani olish maqsadida xususiy maktablarni qo`llab-quvvatlash etarli emasligi tanqid ostiga olindi.

Qayd etilgan muammo va kamchiliklarni tahlil etish asosida davra suhbati ishtirokchilari tomonidan nodavlat ta`lim muassasalarini qo`llab-quvvatlash orqali aholini ta`lim olishga keng jalb qilish maqsadida tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.






