AsosiySport

O`zbekiston ikki boks jangi natijalari yuzasidan Olimpiada komissiyasiga norozilik bildirdi

'O`zbekiston ikki boks jangi natijalari yuzasidan Olimpiada komissiyasiga norozilik bildirdi'ning rasmi

Tokio-2020 Olimpiya o`yinlarining boks bellashuvlarida ba`zi bahslar yuzasidan e`lon qilingan qarorlar keng ommaning e`tirozlariga sabab bo`lmoqda.

Ma`lumki, ushbu Olimpiya o`yinlarida boks bahslarini o`tkazish Xalqaro bokschilar assosiasiyasiga (AIBA) emas, Xalqaro Olimpiya qo`mitasi (XOQ) tomonidan tuzilgan maxsus komissiyaga topshirilgan. Unga esa Xalqaro gimnastika federasiyasi prezidenti, yaponiyalik Morinari Vatanabe rahbarlik qilmoqda.

Musobaqa davomida ayrim delegasiyalar boks bo`yicha musobaqalardagi hakamlik yuzasidan o`z noroziliklarini ma`lum qilishdi. Shu jumladan, O`zbekiston MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va Qo`mita Bosh kotibi Oybek Kasimov ham Morinari Vatanabe bilan uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritib olishdi.

Maxsus komissiya uchrashuv davomida O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi mutasaddilarini o`z faoliyati bilan batafsil tanishtirib o`tdi. Xalqaro mutaxassislarning ta`kidlashicha, har bir bellashuvda 5 nafar hakamdan tashqari alohida 2 maxsus vakil orqali referilarning qarori nazorat qilib boriladi. Bahs yakunida e`lon qilingan qaror qayta ko`rib chiqilmaydi.

Qo`shimcha qilinishicha, janglarda shubhali holatlar alohida o`rganib boriladi va o`z ishiga noprofessional yondashgan hakamlar Olimpiya o`yinlaridan chetlatilish va uyiga jo`natib yuborilishi belgilab qo`yilgan.

Ma`lumot uchun, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Mirazizbek Mirzaxalilov va Tursunoy Rahimova o`tkazgan janglar natijalaridan norozilik bildirgan edi.

    Boshqa yangiliklar