Oliy Majlis yuqori palatasining o`n ettinchi yalpi majlisida “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Senatning 2021 yil aprel oyida bo`lib o`tgan o`n to`rtinchi yalpi majlisida lisenziyalash, ruxsat berish, xabardor etish masalalari ma`nan eskirgan va tarqoq qonun hujjatlari bilan tartibga solib kelinganligi sababli zamon talablariga mos keladigan va soddalashtirilgan yagona qonun ma`qullangan edi.

Ta`kidlanganidek, ushbu Qonun bilan lisenziya va ruxsat berish sohasidagi qonun hujjatlari muvofiqlashtirilmoqda.
Milliy qonunchiligimizda o`z o`rniga ega ma`qullangan mazkur qonun amalda bo`lgan 70 turdagi lisensiyalanadigan faoliyat va 34 turdagi ruxsatnomalarni bekor qilishi bilan birga, lisensiya va ruxsatnomalar sohasini tartibga soluvchi 33 ta qonunga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish kerakligi talabini ham keltirib chiqargan.
Jumladan, “Banklar va bank faoliyati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga ham o`zgartish kiritilib, amaldagi qonundagi Bank tomonidan filialni tashkil etishga doir Markaziy bankdan ruxsatnoma olishi tartibi bekor qilinib, o`rniga Banklar o`z filiali yoki bank xizmatlari ofisini ochganlik va tugatganlik to`g`risida Markaziy bankni belgilangan tartibda xabardor etadi, deb belgilanmoqda.
Shu bilan birga, belgilangan tartibda bank filiali yoki bank xizmatlari ofisini ochganlik va tugatganlik to`g`risida Markaziy bankni xabardor qilmay amalga oshirilgan faoliyat qonunga xilof ekanligi belgilab qo`yilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi “Lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni bilan lisenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar tasdiqlangan bo`lib, unda bir qancha faoliyat turlariga nisbatan lisenziyalashdan tashqari boshqa ruxsat berish tartib-taomillarini, xabardor qilish tartibini joriy etish nazarda tutilgan.
Shu sababli endilikda lisenziyalashdan tashqari boshqa ruxsat berish tartib-taomillari yoki xabardor qilish tartibi amal qiladigan faoliyat boshqa turlaridan ham g`ayriqonuniy ravishda ko`p miqdorda daromad olish mumkinligini inobatga olib, ular uchun samarali javobgarlik mexanizmlarini belgilash maqsadida O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga tegishli o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunida barcha tartib-taomillar batafsil belgilanganligi hamda lisenziya berish tartibi o`rniga ruxsatnoma berish yoki xabardor qilish tartiblari joriy etilayotganligi munosabati bilan “Jismoniy tarbiya va sport to`g`risida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish to`g`risida”gi, “Baholash faoliyati to`g`risida”gi va boshqa qator qonunlarga o`zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonunning ma`qullanishi ishbilarmonlik muhitini faollashtirishda muhim o`rin tutuvchi lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga oid qonunlar samardorligining oshishiga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.






