AsosiySiyosat

Aholi murojaatlari bilan ishlash yuzasidan parlament nazoratini kuchaytirish masalasi muhokama qilindi

'Aholi murojaatlari bilan ishlash yuzasidan parlament nazoratini kuchaytirish masalasi muhokama qilindi'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining o`n ettinchi yalpi majlisida aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish masalalasi ko`rib chiqildi.

Ma`lumki, fuqarolarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta`minlash hamda ularning muammolarini hal etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada 2016 yilda qabul qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni qabul qilinib, unga muvofiq tashkil etilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonasi fuqarolar bilan mutasaddi idoralarni bog`lovchi tizimga aylandi.

Shu bilan birga, ushbu yo`nalishda joriy yilning 23 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat qilishlariga majbur qilayotgan muammolarni mahallaning yoki hududlarning o`zida hal qilish tizimi to`liq yo`lga qo`yilmaganligi qattiq tanqid qilingan va aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish bo`yicha bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlis Senatiga aholi murojaatlarida ko`tarilayotgan masalalarni hal etish bo`yicha vazirlik, idora va hudud rahbarlarining hisobotini har chorakda, mahalliy hokimliklar hisobotini esa mahalliy Kengashlarda har oyda eshitib borish amaliyoti yo`lga qo`yish vazifalari berildi.

Shu asnoda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qo`mitalari tomonidan Senatga kelib tushayotgan murojaatlarni chuqur tahlil qilgan holda vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining axborotlarini tanqidiy ko`rib chiqqan holda parlament nazoratini kuchaytirib boradi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari esa har chorakda tegishincha Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining axborotini eshitish va tanqidiy jihatdan muhokama qilish, shuningdek, jamiyatda qizg`in bahslarga sabab bo`lgan murojaatlar yuzasidan tezkor eshituvlar tashkil qilgan holda mutasaddi shaxslardan izoh talab qilib, kamchiliklarni o`z vaqtida bartaraf etish choralarini ko`rish yuklatildi.

O`z navbatida, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga fuqarolardan eng ko`p kelib tushayotgan murojaatlar, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo`layotgan masalalarni tahlil qilgan holda ular yuzasidan tushuntirishlar berib borish bo`yicha vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas`uliyatini kuchaytirish yuzasidan zarur choralar ko`rish topshirildi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar