Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 3 avgust kuni joriy yilning birinchi yarmidagi iqtisodiy natijalar tahlili hamda yil yakuniga qadar barqaror iqtisodiy o`sishni ta`minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Yig`ilish yakunlari yuzasidan Prezident Matbuot xizmati ma`lumot berdi.
Birinchi yarim yillikda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 6,2 foizga o`sgani qayd etildi. Bunga, asosan, sanoat 8,5 foiz, investisiyalar 5,9 foiz va xizmatlar hajmi 8 foizga oshgani hisobiga erishilgan. Inflyasiya darajasi 10,9 foizni tashkil etgan.
Shu davrda jami 200 trillion so`mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu sohadagi yuqori o`sish sur`atlari kon-metallurgiya, to`qimachilik va elektr energiyasi tarmoqlarida, Qashqadaryo, Sirdaryo, Jizzax, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida kuzatilgan.
Bunga, avvalo, iqtisodiyotning bir maromda ishlashi hamda tashqi bozorlarda kon`yunkturaning yaxshilanishi evaziga erishilgan. Iqtisodiy o`sishni qo`llab-quvvatlashda davlat resurslari ham hal qiluvchi omil bo`lmoqda.
Yig`ilishda davlatimiz rahbari hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish uchun zarur moliyaviy resurslar ajratilgan bo`lsa-da, hali joylarda kutilgan natija bo`lmayotganini ta`kidladi.
Hududiy sanoat hajmi Sirdaryo viloyatida 41 foiz, Xorazmda 33 foiz, Namangan va Surxondaryoda 24 foiz o`sgan. Biroq, bu ko`rsatkich katta imkoniyatlarga ega Farg`ona viloyatida atigi 1,2 foiz va Toshkent viloyatida 4,6 foizni tashkil etgan.
Umuman, birinchi yarim yillikda 110 ta hududiy sanoat korxonasida o`tgan yilga nisbatan 2,2 trillion so`mlik mahsulotlar kam ishlab chiqarilgan.
Investisiya loyihalarining samaradorligi ham ko`rib chiqildi. Jumladan, hududiy investisiya dasturlari doirasida birinchi yarim yillikda 5 ming 246 ta loyiha amalga oshirilgan. Lekin ularning sanoat o`sishida o`rni sezilmayotgani, bunga mas`ul hokim o`rinbosarlari korxonalar bilan yaqindan ish olib bormayotgani qayd etildi.
Hisobot davrida mamlakatda jami 53 mingta yangi tadbirkorlik sub`ekti tashkil etilib, bu ko`rsatkich o`tgan yilga nisbatan 14 foiz oshgan.
Yig`ilishda 9 oy va yil yakuni bo`yicha iqtisodiy o`sishni ta`minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Ikkinchi yarim yillikda yirik tarmoq korxonalarida 86 trillion so`mlik, hududlarda 142 trillion so`mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi bunda muhim omil bo`ladi.
Masalan, shu davrda to`qimachilikda 15 trillion so`mlikdan ziyod mahsulot tayyorlash va 1 milliard 700 million dollarlik eksport qilish imkoniyati bor. Yoki, elektr texnikasi tarmog`ida eksportni 348 million dollar, charm sanoatida 251 million dollarga etkazish mumkin.
Shuningdek, hududlarda “drayver” bo`lgan sohalarni rivojlantirish, kichik va o`rta korxonalarda ishlab chiqarishni kengaytirish zarurligi ta`kidlandi.
Bosh vazir o`rinbosarlariga ishga tushirilgan loyihalarni joyiga chiqqan holda, batafsil o`rganib, to`liq quvvatda ishlashiga ko`maklashish bo`yicha topshiriq berildi.
Ma`lumki, oxirgi besh yilda qishloq xo`jaligini har tomonlama qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish bo`yicha Prezidentning 30 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi.
Qo`shimcha er maydonlari foydalanishga kiritilib, imkoniyatlar kengaydi. Soha uchun subsidiyalar ajratildi. Qishloq xo`jaligining barcha yo`nalishlarida klaster tizimi joriy qilinib, ularga joriy yilning o`zida 6 trillion so`mdan ziyod kreditlar berildi.
Lekin, bu sohada natijadorlik kutilgandek emasligi, ishga solinmagan imkoniyatlar ko`pligi ko`rsatib o`tildi.
Xususan, qishloq xo`jaligidagi ishlab chiqarish hajmi Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm va Toshkent viloyatlarida o`tgan yilgi darajada saqlanib qolgan. Dehqonchilik yo`nalishida mahsulot etishtirish kamaygan.
Chunki hosildorlik o`zgarmayapti, ayrim mahsulot turlari bo`yicha esa pasayib ketmoqda. Chorvachilik va parrandachilik yo`nalishidagi ishlar ham qoniqarli emasligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari aholining oziq-ovqat mahsulotlariga talabi oshib borayotgani, ishlab chiqarish hajmi o`sayotgan talabni qondirishi zarurligini ta`kidladi.
Ikkinchi chorakda mahsulot etishtirish va qayta ishlash hajmini oshirish bo`yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Yig`ilishda xizmatlar sohasi tahliliga ham alohida e`tibor qaratildi.
Ma`lumki, shu yil 11 may kuni “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida” Prezident qarori qabul qilingan edi. Hududlarda xizmatlar turini kengaytirish va sifatini oshirishga qaratilgan loyihalarga keng yo`l ochildi.
– Davlat tomonidan imkoniyat yaratib berildi. Odamlarimiz ham harakatchan, mehnatsevar. Endi xizmatlar sohasida keskin o`zgarish qilish kerak. Bu yangi ish o`rinlari tashkil etishning eng arzon yo`li. Qishloqlarda xizmatlar qancha ko`paysa, sifat ham oshadi, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun birinchi bosqichda 7 ta tijorat bankiga 1 trillion 575 milliard so`m mablag` ajratildi. Buning hisobidan hududlarda 2 ming 400 ta loyihani amalga oshirish boshlandi.
Natijada 2020 yilning birinchi yarmiga nisbatan xizmatlar ko`rsatish hajmi 18 foizdan ko`proq oshdi. Ayniqsa, Sirdaryo, Andijon, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo, Farg`ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida bu boradagi ko`rsatkich yuqori bo`ldi.
Yig`ilishda bu boradagi ishlarni davom ettirib, yil yakuniga qadar sohada 415 mingta yangi ish o`rni tashkil etish mumkinligi aytildi. Bo`sh turgan bino va er maydonlarini tadbirkorlarga berish, o`zini o`zi band qilishni qo`llab-quvvatlash bu borada katta imkoniyat ekani qayd etildi.
Transport vazirligiga yangi yo`nalishlar tashkil etib, jamoat transporti etib bormagan 1 ming 113 ta mahallani qamrab olish bo`yicha ko`rsatma berildi.
Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasida Bosh vazir va uning o`rinbosarlari, iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari, viloyat hokimlari hisobot berdi.
Har bir tarmoq va hudud bo`yicha 9 oy hamda yil yakuniga mo`ljallangan aniq rejalar ishlab chiqib, ijrosini ta`minlash vazifasi qo`yildi.






