Investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Ashxobod shahrida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosari, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo`yicha Hukumatlararo komissiya (HK)ning turkman tomonidan raisi E.Orazgeldiev bilan muzokaralar o`tkazdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Xabarga ko`ra, muzokaralar chog`ida HK O`zbekistondagi navbatdagi yig`ilishini o`tkazish bo`yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, HK doirasida O`zbekiston-Turkmaniston Ishbilarmonlar Kengashining ikkinchi yig`ilishi ham tashkil etiladi. Bo`lajak tadbirlar kun tartibini shakllantirish va yangi investisiyaviy loyihalar hamda savdo bitimlarini ishlab chiqishga qaratilgan ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarining hamkorlikdagi sa`y-harakatlari faollashtiriladi.
Ikki mamlakat Transport vazirliklari tomonidan sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etgan holda to`g`ridan-to`g`ri havo transporti hamda xalqaro avtomobil qatnovlarini qayta tiklash masalalari ustida ish borilishiga kelishib olindi. Shuningdek, chegara o`tish nuqtalarining o`tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, o`zaro savdoning o`sishi uchun tarif va notarif to`siqlarni bartaraf etish hamda ikki mamlakatning transport quvvatlari va tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish ishlari amalga oshiriladi. Ishlab chiqilgan chora-tadbirlar va takliflar O`zbekiston Respublikasi va Turkmanistonni bog`lovchi transport yo`laklarini yanada rivojlantirish uchun tegishli “Yo`l xaritasi”da birlashtiriladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni ro`yobga chiqarish bo`yicha birinchi darajali sa`y-harakatlarni belgilab oldilar.






