AsosiySport

"Tokio–2020": O`zbekiston olimpiya delegasiyasi tarkibiga o`zgartirish kiritildi

'"Tokio–2020": O`zbekiston olimpiya delegasiyasi tarkibiga o`zgartirish kiritildi'ning rasmi

 

"Tokio–2020" Olimpiya o`yinlarida delegasiyamiz tarkibida o`zgarish ro`y berdi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.

 Badiiy gimnastika bo`yicha yakkalik dasturida ishtirok etishi ko`zda tutilgan Sabina Tashkenbaeva o`rniga Ekaterina Fetisova Olimpiadada qatnashadi.

Bu haqda Milliy olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati ma`lum qildi.

Afsuski, hozirda yanada avj olayotgan koronavirus Sabina Tashkenbaevani ham chetlab o`tmadi va gimnastikachimiz "Tokio–2020" Olimpiadasida ishtirok eta olmaydigan bo`ldi. Tashkenbaeva kvalifikasion jahon kubogi bosqichlari orqali mazkur Olimpiadaga yo`llanma olgan edi.

Qoidaga ko`ra, O`zbekiston gimnastika federasiyasi Xalqaro gimnastika federasiyasi(FIG)ga bu haqda ma`lum qildi. FIG bunday vaziyatda lisenzion o`rinda Tashkenbaevadan keyingi o`rinda turgan gimnastikachiga "Tokio–2020" lisenziyasi berilishini ta`kidladi. Ushbu pog`onadagi koreyalik sportchi ayni paytda yaxshi sport formasida emasligi uchun Olimpiadada ishtirok etolmasligi oydinlashdi.

Lisenzion reytingda undan keyingi pog`onada boshqa bir vakilimiz Ekaterina Fetisova qayd etilgan. Fetisova yuqori sport formasida turgani uchun Tashkenbaevaning o`rnini egallaydigan bo`ldi. Shunday qilib, ertaga bo`lib o`tadigan yakkalik bellashuvlarining saralash dasturida Ekaterina Fetisova yurtimiz sharafini himoya qiladi.

– Tokioda Olimpiya o`yinlari davom etmoqda. Bu musobaqalarda O`zbekiston gimnastika terma jamoasi safida men ham ishtirok etishim kerak edi. Ammo koronavirus meni ham chetlab o`tmadi va ketish oldidan topshirgan test tahlilim ijobiy chiqdi. Shu sababli Tokioda bo`lib o`tayotgan Olimpiya o`yinlarida ishtirok eta olmayman. Meni o`rnimga Olimpiadada Ekaterina Fetisova ishtirok etadi, unga bo`lajak musobaqada omad tilayman. Murabbiyim bilan Olimpiadada ishtirok etish uchun borimizni bergan edik va qiyinchilik bilan yo`llanma olgandim. Afsuski, unda qatnasha olmaydigan bo`ldim. Hozir men uchun juda ham qiyin davr. Milliy olimpiya qo`mitasi, federasiya mutasaddilari, murabbiylarim va meni qo`llab turgan barchaga minnatdorlik bildirib qolaman, – dedi Sabina Tashkenbaeva.


 

    Boshqa yangiliklar