AsosiySport

O`zbekistondagi 67 ta bolalar-o`smirlar sport maktabida ot sporti bo`yicha bo`limlar ochiladi

'O`zbekistondagi 67 ta bolalar-o`smirlar sport maktabida ot sporti bo`yicha bo`limlar ochiladi'ning rasmi

“O`zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–5211-son, 05.07.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. 

Qarorga ko`ra, 2021–2025 yillarda quyidagilar tashkil etiladi:

- 67 ta bolalar-o`smirlar sport maktabida ot sporti turlari, shu jumladan zamonaviy beshkurash bo`yicha 52 ta, polo bo`yicha 15 ta bo`lim;

- har bir olimpiya zaxiralari kollejida ot sporti va zamonaviy beshkurash bo`limlari;

- naslli va zotdor otlarni ko`paytirish maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda 170 ta yilqichilik xo`jaliklari.  

 2021/2022 o`quv yilidan boshlab ot sporti bo`yicha mehnatni rag`batlantirishda usta-chavandoz, ot parvarishlovchi, taqachi, otxona boshlig`i (brigadir) – trenerga, veterinar-shifokor – shifokorga, zootexnik va feldsher-veterinar – hamshiraga tenglashtiriladi.

2022/2023 o`quv yilidan:

➖ Samarqand veterinariya medisinasi instituti hamda uning Nukus va Toshkent filiallarida yilqichilikka ixtisoslashgan veterinariya shifokorlari va zootexniklarini tayyorlash bo`yicha bakalavriat ta`lim yo`nalishi ochiladi;

➖ O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Farg`ona filiallarida ot sporti bo`yicha bakalavriat ta`lim yo`nalishining maxsus sirtqi ta`lim shakli ochiladi.

2021 yil 1 sentyabrdan boshlab har yili ot yo`rttirish turi bo`yicha Toshkent viloyatida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun”, to`siqlardan sakrash (konkur) turi bo`yicha Qashqadaryo viloyatida “Qarshi Open”, Toshkent shahrida “Millatlar kubogi” xalqaro turnirlari tashkil etiladi.

 2022 yil 1 sentyabrgacha O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududida 30 o`rinli zamonaviy otxona binosi va ochiq sport maneji  barpo etiladi. 

    Boshqa yangiliklar